Dunyoda shaharlar ko‘p. Chiroyli, katta, gavjum... Ular orasida o‘zgacha degan so‘zni sanoqli shaharlarga nisbatangina ishlatish mumkin. Yaponiya poytaxti Tokioni ana shunday o‘zgacha shaharlar sirasiga kiritsa bo‘ladi. Taqdir taqozosi bilan Yaponiyaning ajoyib poytaxtiga safar qilish baxti nasib qildi. Safar davomida imkon boricha olgan suratlarimizni sizga ham ilindik... 

Tokioga ilk marta borgan odam shubhasiz, o‘zgacha dunyoga tushib qolgandek bo‘ladi. To‘rt tomonda ko‘p qavatli yo‘llar (ha, yo‘llar, uylar emas), musiqali piyodalar o‘tish yo‘lkasi, odamlardan ham ko‘proqdek tuyuladigan nazorat kameralari va albatta, odam to‘la ko‘chalar! Tokioning osmono‘par binolarini internetda ko‘p ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, keling, biz bu ajoyib shaharning oddiyroq ko‘rinishiga nazar solsak. 

Tokioni osmono‘par binolar shahri deyishdan ko‘ra odamlar shahri desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Axir hamma shaharlar ham odamlarniki-ku, deyishingiz mumkin, ammo Tokioda kelishingiz bilan birinchi ko‘zga tashlanadigan jihat ko‘chalarning odamlar bilan to‘la ekani. Odamlarning ko‘chalarni to‘ldirib yurishlari Yaponiyaning belgilaridan biriga aylanib ulgurgan. Tokioda 14 millionga yaqin odam yashaydi. 

Masalan, yapon «peshexodlari» sayyohlar uchun diqqatga sazovor joyga aylanib ulgurgan. Sibuyadagi mashhur piyodalar yo‘lkasi haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. U yerda 7 ta yo‘lning kesishmasi bor va barcha tomondan odamlar bir vaqtda yo‘lning narigi tomoniga o‘tadi. Bu yo‘lakni sayyohlar tomosha qilishi uchun maxsus maydonchalar ham qilingan.