Shifokorlarning pora olishini yashirish – oyni etak bilan yopishdek gap. Ularning nima uchun pora olishi, o‘zi bemor berganini pora deb atash mumkinmi-yo‘qmi — bu endi alohida masala.

Shifokorlarning pora olishidan yozg‘iramiz, xafa bo‘lamiz. Shubhasiz, bemor og‘ir vaziyatda turganidan tamagirlik qilishni oqlab bo‘lmaydi. 

Lekin keling, boshqa bir jihatga e'tibor qarataylik: bizning nazarimizda hammasi poraxo‘r ko‘rinadigan shifokorlarning aslida nari borsa 10-20 foizi «soqqa qilsa bo‘ladigan» deya baholanadigan joylarda ishlashadi. Bular – yirik shaharlar markaziy shifoxonalaridagi yetakchi mutaxassislar, tor soha vakillari (kardiolog, ginekolog yoki jarroh kabilar)dir. Lekin ular bu darajaga yetgunlaricha ko‘p narsadan voz kechganlari, ilm deb ter to‘kkanlari, tunlarni tongga ulaganlarini unutmaslik kerak. Boshqalarni kamsitmagan holda ularni shartli ravishda yuqori toifa deb olamiz. Aynan shu yuqori toifa tibbiyotni saqlab turadi aslida.

Endi tibbiyotning mutlaq ko‘pchilik vakillari — qishloq vrachlik punktlari shifokorlari, umumiy amaliyot vrachlari, poliklinikalarda qog‘oz to‘ldirish bilan umri o‘tayotgan mutaxassislar, tunlari navbatchilik qilibgina shifokor nomini saqlab yurganlar — ishoning, tirikchilikka yetar-yetmas maoshga sabr qilib yashab yurishibdi yoki o‘z g‘ururlarini nari surib, qo‘shimcha ishlar bilan shug‘ullanishyapti.

O‘rtacha shifokor o‘rtacha oylik maosh oladi — bu taxminan 2 million so‘m degani. Endi bu pulga qanday tirikchilik qilish mumkinligi to‘g‘risida yozib, boshingizni qotirishga hojat yo‘q. Lekin shugina maoshning ham osmon qadar javobgarligi bor — bemor uchun siz shifokorsiz, oylikni olyapsizmi, davlat sizni o‘qitganmi, vazifangizni bajarishingiz shart! Balki siz kontrakt to‘lab, o‘z pulingizga o‘qigandirsiz, maoshingiz tirikchilikka yetmas, lekin buning kimga qizig‘i bor?

Qishloqdagi shifokorning holiga bir qarang — mol ham boqadi, dehqonchilik ham qiladi, kerak bo‘lsa paxsa ham uradi. Axir u ham ne umidlar bilan 7-8 yil suyagu-o‘lik titkilab o‘qigan. Shu qishlog‘imga foydam tegsin deb qaytib kelgan. Qishloqda odam yo‘talsa ham unga qarab chopadi. Yaxshiyam xalqimiz inson qadrini biladi, xizmatini quruq qo‘ymaydi. Ukol qildi deya ikkita non qistirib jo‘natadi. Lekin oxirgi paytlarda mana shu berganini minnat qilganlarning bir toifasi paydo bo‘layotirki, bu haqda quyida alohida to‘xtalmasak bo‘lmas.

Yoki poliklinikadagi do‘xtirni olaylik. Eshigining oldi hamisha gavjum, lekin tuzalsa tuzalib ketaqolmaydigan bemorlarning daftarlari bir xirmon. Har tashrifga sahifa-sahifa to‘ldirib tashlanadi. Bu yerda endi non berish urf emas — saxiyroqlar besh-o‘n ming so‘m tashlab ketishadi. Shifokor shunga ham xursand, iqtisodiy jihatdan qaraganda shunday tushumlarga ham shukr qilib, ko‘cha tozalash, binoni ta'mirlash, obuna, ishidan tashqari uyma-uy yurib hammaning holidan majburiy xabar olishlarni ham ichiga yutib bajaradi.