22 dekabr kuni O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga saylovlar o‘tkazildi. Urganch tumani, Chotko‘pir qishlog‘idagi 29-okrugning 432-saylov uchastkasida kuzatuvchi sifatida qatnashgan, Urganch tumani Xalq deputatlari kengashiga O‘zLiDep tomonidan nomzodi qo‘yilgan Alisher Qalandarovning vakili Quvonch Sherjanova shikoyatiga ko‘ra, saylov qonunchiligi qo‘pol tarzda buzilgan.
«432-uchastkadagi saylovdan keyin ovozlarni sanash jarayonini kuzatib turdim. Uning natijalarini qog‘ozga yozib olishga muvaffaq bo‘ldim. Ammo videoga olishga ruxsat berishmadi, «mumkin emas» deb aytishdi. O‘zLiDep vakili Alisher Qalandarovga 840ta ovoz berildi. XDP tomonidan nomzodini qo‘ygan, Urganch tumani hokimi o‘rinbosari Barno Berdiyeva 311ta ovoz oldi», - dedi Sherjanova.

Biroq Sherjanovaning so‘zlariga ko‘ra, 432-uchastkadagi ovozlarni sanash jarayoni natijalari shu joyning o‘zida zudlik bilan bayonnomaga kiritilmagan va kuzatuvchilarga berilmagan.
«Uchastka saylov komissiyasi raisi Kuranmurat Matrazov bizga bayonnomaning bir nusxasini bermadi. «Ertaga olasizlar», dedi. Shundan so‘ng, kuzatuvchilarni saylov uchastkasidan chiqarib yuborishdi. Biroq ertasi kuni ham bayonnomani ololmadik. Kuranmurat Matrazov: «Menga bayonnomani hech kimga bermaslik to‘g‘risida tuman komissiyasi raisi Baxtiyor Bekchanovdan topshiriq bo‘ldi», dedi».

Shundan so‘ng, Baxtiyor Bekchanov oldiga borib, bayonnomani so‘raganimda «10 kundan keyin olasizlar», dedi. 23 dekabr kuni bu haqda Urganch tumani prokuraturasiga shikoyat qildim. Shu kuni soat 21:00da meni prokuraturaga chaqirishdi. Borsam, Baxtiyor Bekchanov «hozirgina to‘ldirildi», deb bayonnomani olib kelgan ekan. Shunda undagi raqamlar umuman o‘zgarganini, Alisher Qalandarovga berilgan ovozlar soni 540ta bo‘lib qolganini, Urganch tumani hokimi o‘rinbosari Barno Berdiyeva eng ko‘p, 1159ta ovoz olgan deb ko‘rsatilganini ko‘rdim. Demak, Qalandarovdan 300ta ovoz olib tashlangan, Berdiyevaga esa 848ta ovoz qo‘shilgan bo‘lib chiqmoqda», - dedi Sherjanova.

432-uchastkadagi saylov komissiyasi a'zosi Hoji Bobojonov ovozlarni sanash jarayonida Alisher Qalandarov eng ko‘p – 840ta ovoz to‘plaganini tasdiqladi.
«432-uchastkada saylov komissiyasi a'zosi sifatida ishtirok etdim. Partiya vakillari ham jarayonni kuzatib o‘tirishdi, natijalarni qog‘ozga yozib olishdi. Telefon orqali videoga olishmoqchi bo‘lganida, ularga ruxsat berilmadi, «mumkin emas» deb aytildi. Eng ko‘p ovoz olgan nomzod kim bo‘ldi? Alisher Qalandarov – 840ta ovoz oldi. Sanashda o‘zim ham ishtirok etdim», - dedi Bobojonov.


















