10:59 / 27.12.2019
0
6565

«O‘zdavkarantin» boshlig‘iga yangi birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari tayinlandi.

«O‘zdavkarantin» inspeksiyasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu lavozimni Nodir Valijonovich Qosimov egalladi.

N. Qosimov 1978 yilda tug‘ilgan. 2002 yilda Toshkent Davlat sharqshunoslik institutining bakalavriat va magistratura bosqichlarini tamomlagan.

2002 – 2007 yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tizimidagi «O‘zprommashimpeks» davlat tashqi savdo kompaniyasida yetakchi lavozimlarda ishlagan. 2007 yilning avgustidan 2008 yil apreliga qadar Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tizimidagi tashqi savdo kompaniyalarning Xitoy Xalq Respublikasidagi vakolatxonasiga rahbarlik qilgan.

2008 – 2010 yillar davomida Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi tizimidagi «O‘zmarkazimpeks» va «O‘zinterimpeks» tashqi savdo kompaniyalarida boshqaruv lavozimlarida ishlagan. 2012 – 2017 yillarda «O‘zbekenergo», «O‘zagrotexsanoatxolding» va GM Oʻzbekiston aksiyadorlik kompaniyalarida faoliyat yuritgan.

2017-2018 yillarda Turkmanistondagi elchixona tarkibida O‘zbekistonning Turkmanistondagi savdo vakili, 2018-2019 yillarda Turkmanistondagi elchixona maslahatchisi lavozimida ishlagan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top