22 dekabr kuni O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar o‘tkazildi. Shovot tumani, «Ipakchi» mahallasidagi 16-okrugning 400-saylov uchastkasida kuzatuvchi sifatida qatnashgan, Shovot tumani Xalq deputatlari kengashiga O‘zLiDeP tomonidan nomzodi qo‘yilgan Maqsudbek Madrahimovning vakili Qahramon Jumanazarov saylov qonunchiligi qo‘pol tarzda buzilgani to‘g‘risida shikoyat qildi.
«400-uchastkadagi saylovda Maqsudbek Madraximovning vakili va kuzatuvchi sifatida qatnashdim. Ovozlarni sanash jarayoni natijalarini yozib olishga muvaffaq bo‘ldim. Maqsudbek Madraximov 960ta, Azizbek Xudayberganov 455ta, Shixnazar Tursunov 469ta, Elyor Jumaniyozov 133ta, Dilmurod Bobojonov 97ta ovoz oldi. 134ta byulleten yaroqsiz deb topildi, 19tasi bo‘sh qoldirilgan edi. Ammo bu ko‘rsatkichlar bayonnomaga tushirilmadi va bizga bir nusxasi berilmadi. Bir necha kundan beri bayonnomani ololmayapmiz. Natijalarga ko‘ra, Maqsudbek Madraximov eng ko‘p ovoz to‘plagan edi. Ammo saylovdan keyin Shixnazar Tursunov deputat bo‘lganini eshitdik», - deydi u.

400-uchastkadagi ovozlarni sanash jarayoni natijalari shu joyning o‘zida zudlik bilan bayonnomaga kiritilishi va kuzatuvchilarga bir nusxasi berilishi kerak edi. Bunday bo‘lmaganini yana bir kuzatuvchi Ozod Abdukarimov ham tasdiqladi.
«400-saylov uchastkasida Jumanazar Masharipovning vakili va kuzatuvchi sifatida ishtirok etdim. Ovozlarni sanash jarayonida ham bor edim. Ammo natijalar bayonnomaga tushirilmadi va bizga berilmadi. Saylov tugaganiga 4 kun bo‘lsa-da, hanuz bayonnomani olmadik», deydi Abdukarimov.
400-uchastka joylashgan 29-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabida saylov komissiyasi raisi, shu maktab direktori Dilshod Tajiyev bilan uchrashdik. Ammo u OAV muxbiri guvohnomasini ko‘rgach va qaysi masalada murojaat qilayotganimizni bilgach, izoh berishdan bosh tortdi hamda xonasidan chiqib ketdi. Keyinchalik telefonini ham o‘chirib qo‘ydi va aloqaga chiqmadi.
16-okrug saylov komissiyasi raisi Yangiboy To‘rayevdan bu holat bo‘yicha izoh so‘radik. U 400-uchastkadagi saylov natijalari bayonnomasi borligi, ammo o‘zida saqlanib turishi kerak bo‘lgan nusxasini Dilshod Tajiyevga berganini, ayni paytda bayonnoma nusxasiga ega emasligini aytdi.
Shundan so‘ng, Shovot tumani saylov komissiyasi raisi Muzaffar Erjanov bilan uchrashib, 400-uchastkadagi saylov natijalari bayonnomasini olishga muvaffaq bo‘ldik. Unda Maqsudbek Madrahimov eng ko‘p – 1401ta ovoz to‘plagani qayd etilgan edi.


















