Jamiyatda yozilgan qonunlar bilan bir qatorda yozilmagan, insonparvarlik, o‘zaro mehr-muruvvatlilik tamoyillariga tayanadigan qonuniyatlar ham borki, ayniqsa, bu o‘zbek xalqining milliy qadriyatlariga poydevordir. Shu nuqtai nazardan «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJning Shayxontoxur tuman elektr ta'minoti korxonasi mutasaddilari tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan ezgu tashabbuslari diqqatga sazovor. O‘z samarasini berayotgan mazkur tashabbusga ko‘ra «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJning shahar va tuman bo‘limlarining mutasaddi rahbarlari xizmat vazifalarini ado etish asnosida kam ta'minlangan, boquvchisi yo‘q, yolg‘iz keksalar, nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, ularning elektr energiyasidan to‘lovlardan bo‘lgan qarzdorliklarni bartaraf etish bo‘yicha alohida ish tashkil qilmoqda.


Bu borada ular xalqimizning azaliy qadriyati – saxovatpeshalik fazilatiga tayangan holda joylarda foydalangan ne'matlari uchun to‘lovga qurbi yetmay turgan oilalarning qarzlarini bartaraf etishga tadbirkor va ishbilarmonlarning homiylik yordamlarini jalb etmoqda. «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJning Shayxontoxur tuman elektr ta'minoti korxonasi mutasaddilari tashabbusi bilan tumandagi kam ta'minlangan oilalar aniqlanib, ularning elektr energiyasidan bo‘lgan qarzdorliklari savob ishga qo‘l urushni istagan insonlar tomonidan to‘lab berilmoqda.


Shayxontoxur tumanining «Beltepa» mahallasida yashovchi M.Ahrorova hamda F.Isamuhamedovaning oilasi mahalla ahlining doimiy mehr-muruvvatidan bahramand bo‘lib kelayotganiga qaramay, foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarga qo‘li qisqalik qilib qoldi. Farobiy ko‘chasi 33-xonadonda yashovchi M.Ahrorovaning elektr energiyasidan bo‘lgan qarzdorligi 400 ming so‘m hamda 24-xonadonda yashovchi F.Isamuhamedovaning elektr energiyasidan bo‘lgan qarzi 300 ming so‘mga yetib qolibdi. Ushbu hudud bo‘yicha Shayxontoxur tuman elektr ta'minoti korxonasi rahbari A.A.Musamedovning olib borgan tushuntirish ishlari natijasida homiylar tomonidan xonadonlarning qarzini yopish uchun beminnat 700 ming so‘m to‘lov qilib, xonadon sohiblariga to‘lov kvitansiyalari «Beltepa» MFY raisi K.I.Karimov tomonidan taqdim etildi.













