O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga tashrifi tashkil etiladi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabarida aytilgan.

Qayd etilishicha, joriy yil 10-14 dekabr kunlari vazir o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi Italiyaning Milan va Rim shaharlariga tashrif buyurib, Lombardiya mintaqasi rahbariyati, yetakchi kompaniya, uyushma va ta'lim muassasalari vakillari bilan bir qator muzokaralar o‘tkazdi.  

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

Milanda bo‘lib o‘tgan Lombardiya viloyati gubernatori o‘rinbosari F. Sala bilan uchrashuv eng muhim bo‘lib, unda Italiyaga oliy darajadagi tashrif doirasida tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi, deyiladi xabarda. 

2020 yilning bahorida mintaqadagi yirik kompaniyalar vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, shuningdek, Italiyaning Milan shahrida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan o‘zbek mahsulotlarining ko‘rgazma xonasi va B2B uchrashuvlari va boshqa biznes-tadbirlarni o‘tkazish uchun maydoni bor O‘zbekiston savdo uyini tashkil etishda Italiya tomonining amaliy yordam ko‘rsatishi haqida so‘z yuritildi.

Italiya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik agentligi bosh direktori J. Marrapodi bilan ham muloqot bo‘lib o‘tdi. J. Marrapodi Markaziy Osiyoda mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni jadallashtirish jarayonlarida Italiya tomonidan texnik yordam ko‘rsatish orqali idoralararo hamkorlikni mustahkamlash uchun salohiyatni borligini qayd etdi. Ushbu maqsadda agentlik rahbari aniq harakatlar dasturini ishlab chiqish uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradi.

Bir qator yirik Italiya kompaniyalari va sanoat birlashmalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazildi. «Fiera Milano» ko‘rgazma markazi direktori F. Churchi bilan 2020 yilda «Made in Uzbekistan» ko‘rgazmasini va O‘zbekiston-Italiya biznes-forumini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar, Italiya sanoati umumjahon konfederatsiyasi («Konfindustriya») mintaqaviy prezidenti E. Ferling bilan ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilarining sanoat va texnik sherikligini yo‘lga qo‘yish uchun doimiy maydon yaratish maqsadida O‘zbekistonda «Konfindustrii» mintaqaviy ofisini ochish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.