1 yanvar kuni Angliya premer-ligasida 9ta o‘yin bo‘lib o‘tdi. Quyida turning asosiy va qiziqarli voqealari keltirib o‘tiladi.
«MYu» «Arsenal»ga yutqazdi

«Arsenal» — «Manchester Yunayted» — 2:0 (2:0)
Gollar: Pepe, 8 (1:0). Papastatopulos, 42 (2:0).
O‘yindan oldin hamma Ole Gunnar Sulsherning Pogba yana jarohat olgani haqidagi gaplarini muhokama qildi: «Pol jarohatlandi, unda yana boldir suyagi bilan to‘piq suyagini bog‘lovchi bo‘g‘inda jarohat qaytalangan, biz uni yana bir necha hafta mobaynida maydonda ko‘rmasligimiz aniq». Lekin «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi bir necha kun oldin fransuz futbolchisi «Arsenal»ga qarshi o‘yinga tayyorlanayotgani haqida aytgandi. BT Sport telekanalida ekspert bo‘lib ishlayotgan Robin van Persi efirda bu vaziyatni sirli holat deb atadi. OAVda ancha vaqtdan buyon Pogba ketish haqida o‘ylayotgani aytiladi, shu tufayli u maydonga tushmayotganining boshqa sabablari borligi haqidagi shubhalar paydo bo‘lmoqda.
«Arsenal»da ham tarkib borasida barchasi joyida emasdi, lekin Artetaning baxtiga ushbu uchrashuv arafasida Kolashinats tiklandi (to‘g‘ri, u ikkinchi bo‘limda jarohat olib almashtirildi) va Chaka ham maydonga qaytdi. Birinchi marta boshlang‘ich tarkibda Obameyang, Lyakazett, Pepe va O‘zil birgalikda harakat qildi. 4-2-3-1 sxemasida Obameyang hujumning chap qanotidan, Lyakazett markazda, Pepe o‘ngda, O‘zil esa markaziy hujumchi ortida joy oldi. Natijada «Arsenal» Arteta boshqaruvida birinchi marta g‘alaba qozondi.
Yangi bosh murabbiy boshchiligidagi o‘sish yaqqol ko‘rinib turibdi. Londonliklar xotirjam harakat qilishmoqda, O‘zil, Chaka va Lukas Torreyra yana avvalgidek o‘ynay boshladi, David Luis esa bu oqshomda butunlay boshqa futbolchiga aylandi. Ayniqsa bu o‘yinda Pepe haqiqiy salohiyatini namoyish eta oldi, u o‘yin davomida biror marta noaniq pas bermadi va to‘rt marta golli vaziyat yaratdi ikki golda ham ishtirok etdi: birinchi golni o‘zi urdi, ikkinchi gol ivuarlik futbolchi burchakdan to‘p uzatgan vaziyatda Papastatopulos tomonidan urildi.
«Manchester Yunayted» esa maydonda juda zaif ko‘rindi va haqli ravishda mag‘lubiyatga uchradi. Birinchi bo‘limda jamoaning umuman o‘yini chiqmagach, Sulsher Lingardni va Jyeymsni maydondan olib, Grinvud va Pereyrani tushirdi, natijada mehmonlar ikkinchi bo‘limning birinchi qismida tashabbusni qo‘liga ola boshladi va bir necha yaxshi vaziyatlarga ega bo‘lishdi, ammo mezbonlar himoyada tartibli harakat qilishdi. Arteta o‘tgan turda «Chelsi»ga qarshi kechgan o‘yindan xulosa chiqargandi. Ikkinchi bo‘limning ikkinchi qismida murabbiy hujumdagi Pepeni maydondan oldi va nisbatan orqaroqda harakatlanuvchi Nelsonni tushirdi, ushbu futbolchi o‘zining 13ta pasidan 8tasini orqaga uzatgani ham o‘yin tempini tushirish uchun maydonga tashlanganini anglatadi, o‘yin davomida Obameyang bilan raqib himoyachilarini charchatgan va nihoyat o‘zi ham charchagan Kolashinats o‘rnini esa Saka egalladi, keyinroq Arteta g‘alabani saqlab qolish uchun yana bir yurish qildi - Lyakazett maydon markazini mustahkamlash uchun Genduziga almashtirildi.



















