O‘zbekiston | 10:58 / 08.01.2020
74952
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Gulnora Karimovaga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisi boshlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va boshqalarga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisi boshlandi. Bu haqda Oliy sud xabar qilmoqda.

Avvalroq, Bosh prokuratura tomonidan «jinoiy uyushma tarkibida tovlamachilik, budjet mablag‘larini talon-toroj qilish va chet el davlatlarda jinoiy daromadlarini legallashtirish kabi jinoyatlarni sodir etgan» Gulnora Karimova va boshqalarga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari yakunlangani ma'lum bo‘lgandi.

Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.

U O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan trillionlab so‘m daromadni soliqdan yashirganlik, o‘zgalarning trillionlab so‘mlik mulkini tovlamachilik bilan tortib olish va qariyb 2 milliard AQSh dollarini xorijda berkitish kabi jinoyatlarda ayblangan.

Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan firibgarlik, xorijiy valutani yashirish, bojxona qonunchiligini buzilishi bo‘yicha yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.

2017 yilning 18 dekabrida 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Gulnora Karimovaga jazo 2018 yilning 1 iyulida 5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.

Lekin uy qamog‘ida o‘tirgan Gulnora Karimova O‘zbekistonga yetkazilgan zararni qoplashga faol qarshilik qilgani, shuningdek cheklovlarni buzgani uchun 2019 yilda Zangiotadagi qamoqxonaga qaytarilgan.

Gulnora Karimova endi unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddatini umumiy tartibli koloniyada o‘tamoqda.

2019 yilning dekabr oyida bosh prokuratura Gulnora Karimovaga nisbatan navbatdagi jinoyat ishi bo‘yicha ma'lumot bergan, unga ko‘ra u o‘lpon yig‘ish va qo‘rqitib, mulklarni tortib olishda ayblanayotgani aytilgandi.

Mavzuga oid