«Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatidagi faoliyatining ilk kunlaridan «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan g‘oyani ilgari surgan edi. Maqsad odamlarimizning og‘irini yengil qilish, har qanday qulayliklar yaratishdan iborat. Buning uchun, avvalo, rasmiy idoralarga u yoki bu yumush bilan murojaat qilgan aholining vaqti va mablag‘ini tejash, ayniqsa, sarson-sargardonlikka barham berish, qolaversa, korrupsiyani bartaraf etish maqsadlarida davlat xizmatlari ko‘rsatishning yaxlit, zamonaviy, ishonchli tizimini yaratishga kirishildi.
Shu munosabat bilan prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil 12 dekabr kuni «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon qabul qilindi. Unga muvofiq, Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. Hozirda mamlakatimiz bo‘ylab Agentlik tasarrufidagi Davlat xizmatlari markazlari faoliyat yuritib kelmoqda. Oddiy odamlar uchun qulay, ko‘rkam bo‘lgan 80dan ortiq innovatsion binolar jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat qilib kelayotgan bo‘lsa, bugungi kunda yana 94ta shunday inshootlarni qurish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, olis joylarga chiqish orqali («mobil davlat xizmatlari») qulay va shaffof tarzda sayyor xizmatlar ham ko‘rsatilyapti. Bugungi kunga kelib, Davlat xizmatlari markazlari orqali «yagona darcha» tamoyili asosida 130 turdan ziyod xizmatlar taqdim etilmoqda. 2017 yilda aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar soni 12 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 13 milliontadan oshgan. Eng ko‘p murojaat qilinadigan 36 turdagi xizmatlar bo‘yicha hujjatlar soni 112tadan 52taga kamaytirildi, xizmat ko‘rsatish muddati 280 kundan 126 kunga qisqartirildi.
Masalan, ilgari haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun pasport, tibbiy ma'lumotnoma, imtihon varaqasi, eski guvohnoma, rasm va eng kam ish haqining 70 foizi miqdorida to‘lov talab qilingan. Endilikda esa faqat uchta narsa: eski haydovchilik guvohnomasi va uning taloni, bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi hajmida to‘lov kerak, xolos.
O‘tgan yil 1 iyundan boshlab fuqarolarning yashash joyidan va tashkilotlarning manzilidan qat'i nazar, istalgan markaz orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Bu odamlarga juda katta qulaylik yaratib, sarsongarchilikdan xalos etdi. Masalan, Toshkentdagi universitetga Nukusdan kelib hujjat topshirish uchun kamida 2 million so‘m xarajat qilingan bo‘lsa, hozirda istalgan markazga murojaat qilish kifoya. Joriy yilda ham bu boradagi ishlar davom ettirilib, 94ta yangi markaz barpo etilishini aksar hollarda xususiy sektor bilan sheriklikda amalga oshirish rejalashtirilgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.


















