Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tabiiy gazni nazorat qilish va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.
Loyihada aytilishicha, «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasida yiliga 750 ming dona «Smart Metering» schyotchiklarini ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ishga tushiriladi. Bu loyiha doirasida 20 mln dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya o‘zlashtiriladi, 200 ta ish o‘rni yaratiladi, mahalliylashtirish darajasi 37 foizga yetkaziladi.
Bu loyiha Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiya agentligi tomonidan Rossiyaning «Gazdevays» AJ bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
«Gazdevays» AJ kimniki?
Davletovuz telegram kanalining yozishicha, «Gazdevays» AJning ustav fondi 1 543 080 000 rubl bo‘lib, uning yagona ta’sischisi «Tsentraktiv» MChJ hisoblanadi. «Tsentraktiv» MChJning ta’sischilari esa «Donata» MChJ (50 foiz) va jismoniy shaxs Sattorov Furqat Abdulloyevich (50 foiz).
«Donata» MChJning ikkita ta’sischisi bo‘lib, bittasi Londonda (Temm Engineering LTD), ikkinchisi Kiprda ochilgan firma (FRENERO ENTERPRISES LTD)lar hisoblanadi.
Mahsulot ishlab chiqarish 2020 yilning birinchi choragida ishga tushadi.


















