Ko‘pchilik yuqori doiradagi shaxslar «qattiqqo‘l» deb ta'riflaydigan Mixail Mishustin haqida nimalar ma'lum?
Mansab pillapoyalari uzra
Mishustin 53 yoshda bo‘lib, Moskvada tug‘ilgan. Otasi Vladimir Mishustin rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, «Aeroflot»da va Sheremetevo xavfsizlik xizmatida ishlagan. Onasi esa tibbiyot tizimida faoliyat yuritgan.
Mishustin Moskva stanok institutini «avtomatlashtirilgan loyihalash tizimlari» ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. Iqtisod fanlari doktori.
O‘tgan asrning 90-yillarida u Xalqaro kompyuter klubi sinov laboratoriyasining direktori, keyin esa klub bosh direktori o‘rinbosari va boshqaruvi raisi bo‘lgan.
Mishustin 1998 yil avgustda davlat idoralaridagi faoliyatini boshladi. U davlat soliq xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘ldi. 2004-2006 yillarda Ko‘chmas mulk obektlari kadastri federal agentligini boshqardi, 2007-2008 yillarda esa Alohida iqtisodiy zonalarni boshqarish bo‘yicha federal agentlikka rahbarlik qildi.
2008 yil martda Mishustin biznesga o‘tdi va aktivlar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni boshqarish bilan shug‘ullanadigan UFG kompaniyalar guruhi prezidenti bo‘ldi.
Mishustin 2010 yil aprelda Federal soliq xizmati rahbari etib tayinlandi, uni bu lavozimga o‘sha paytda bosh vazir bo‘lgan Putin qo‘ygandi.
Forbes suhbatlashgan sobiq amaldorlardan birining aytishicha, uning bu lavozimga tayinlanishi oson bo‘lmagan. «Boshqa nomzodlar ham bor edi», — deydi u. Gap sobiq mudofaa vaziri, Mishustindan avval soliq xizmatini boshqargan Anatoliy Serdyukov bilan bo‘lgan qarama-qarshilik to‘g‘risida bormoqda. Serdyukov 2007 yil fevralda mudofaa vaziri bo‘lgan, ammo amalda yana bir necha yil soliq xizmatini idora qilib kelgan, deb yozadi «Vedomosti». Gazetaning yozishicha, Serdyukov «bu yerda qolgan o‘z jamoasi a'zolariga ko‘rsatmalar berib kelgan».
«Qat'iyatli va qattiqqo‘l»
«Qat'iyatli va qattiqqo‘l erkak, kerak paytida qattiqqo‘l. U o‘z prinsiplarini himoya qila oladi», — deydi uning sobiq hamkasblaridan biri.
Mishustinning qattiqqo‘lligini yana bir sobiq federal amaldor tasdiqlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Mishustin tog‘ni o‘rnidan siljita oladi».










