Toshkent farmatsevtika instituti rektori vafot etdi
Toshkent farmatsevtika instituti rektori Ibrohim Olimjonov olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevning telegram kanalida xabar qilingan.
«Sog‘liqni saqlash sohasi, ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. Toshkent farmatsevtika instituti rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Olimjonov Ibrohim Inamovich 61 yoshida vafot etdi», deyiladi xabarda.
Ibrohim Olimjonov1959 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan.1982 yilda O‘rta Osiyo pediatriya tibbiyot (hozirgi Toshkent pediatriya tibbiyot) institutini muvaffaqiyatli tamomlab, Andijon shahar 2- bolalar shifoxonasi vrach interni, ordinatori, davolash ishlari bo‘yicha bosh vrach o‘rinbosari, keyinchalik Andijon davlat tibbiyot instituti kafedra assistenti, dotsenti va kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. U 2012-2018 yillarda mazkur institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori va rektori vazifasida ham ishlagan.
Ibrohim Olimjonov 2018 yildan Toshkent farmatsevtika instituti rektori sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent farmatsevtika instituti rektori,tibbiyot fanlari doktori, professor Alimdjanov Ibrohim Inamovichning vafoti munosabati bilan uning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan.