O‘zbekiston U23 sardori Islom Qobilov jamoa BAAga qarshi o‘yin oldidan tiklanishga e'tibor berganini va bu o‘z samarasini berganini aytdi
O‘zbekiston U23 jamoasi Osiyo chempionati chorak finalida BAAni yirik 5:1 hisobida mag‘lub etib keyingi bosqichga yo‘l oldi. Futbolchilarimizni Tokio olimpiadasi yo‘llanmasidan atigi bitta o‘yin ajratib turibdi. Yarimfinalda ularga Saudiya Arabistoni raqib bo‘ladi. BAAga qarshi o‘yindan keyin futbolchilar va murabbiyning o‘yin haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.
Bu o‘yinda «Nasaf» futbolchisi Oybek Bozorov chinakamiga porladi. U avvaliga Ilhom Alijonovga golli uzatmani amalga oshirdi. Keyinchalik unga qarshi ishlatilgan qo‘pollikdan so‘ng penalti belgilandi va standartni Islom Qobilov aniq amalga oshirdi. Va nihoyat Oybek BAA darvozasiga o‘zi ham super gol urdi. Oybek o‘yindan keyin shunday dedi: «Oldingi o‘yinda muxlislarni xafa qilib qo‘ygandik deb o‘ylayman. Bugungi o‘yindan keyin ular xursand bo‘lishsa kerak. Xudo xohlasa, olimpiadaga chiqamiz, bunga bir qadam qoldi. Ha, o‘yin oldidan Ro‘ziqul Berdiyevning kelgani kayfiyatimni ko‘tardi».
BAAga qarshi musobaqadagi ikkinchi o‘yinini o‘tkazgan Doston Ibragimov ko‘p harakat qilgan jamoa g‘alaba qozonganini aytdi: «Bugun maydonda kim ko‘proq harakat qilsa, o‘sha jamoa g‘olib bo‘lishini bilgandik. Biz g‘alabani ko‘proq xohlagan ekanmiz, bunga erishdik. Olimpiadaga juda yaqin kelganimizni hamma sezib turibdi. Xudo xohlasa, yarimfinalni ham yutamiz».
Jasur Yaxshiboyev bu gal ham chorak finalda gol urishni boshladi. U ikki yil avval Xitoyda o‘tgan musobaqada ham aynan chorak finalga kelib gollari hisobini ochib Yaponiyaga ikkita gol urgandi. Jasur gol urgach yelkasidan tog‘ ag‘darilganini aytdi: «Gol urmayotganimdan so‘ng ko‘pchilik gapirayotgandi, bugun yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Albatta, raqibning tezkor goli biroz ta'sir qildi, biroq biz tezda o‘zimizni qo‘lga olib natijaga erishdik».
Himoyachilar odatda ko‘p gol urishmaydi. BAA bilan o‘yinda esa ikkita himoyachi gol urdi. Ayniqsa Ilhom Alijonovning goli juda chiroyli chiqdi. Kamgap yigit bo‘lgan Ilhomni urgan goli haqida gapirishga ko‘ndirdik: «Hammasi juda tez bo‘lib ketdi. Oybek Bozorov 2-3 futbolchini o‘zi bilan chalg‘itib to‘pni menga uzatdi. Bu vaqtda bo‘sh hudud paydo bo‘ldi va zarba yo‘lladim. O‘zim ham kutmagandim bunday imkoniyat bo‘lishini».
Bobur Abduxoliqov BAA bilan o‘yinda gol ura olmagan bo‘lsa-da, juda faol bo‘ldi. U jamoaning birinchi goli muhim bo‘lganini aytdi: «O‘yin qiyin boshlandi. Tezkor gol o‘tkazib yuborgandan keyin hisobni tenglashtirish muhim edi. Yaxshiyam tezda javob bera oldik. Bizni oldinda Saudiya bilan muhim o‘yin kutib turibdi».
















