Oliy Majlis Senatida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan prezident Shavkat Mirziyoyev Senatning mahalliy kengashlar bilan hamkorligi haqida gapirdi.
«Senatning mahalliy kengashlar bilan hamkorligini, ular faoliyatiga amaliy va uslubiy ko‘mak ko‘rsatish borasidagi faoliyatini yanada kuchaytirish lozim.
Afsuski, bugungi kunda yuqori palatamizning bu boradagi faoliyati sustligicha qolmoqda. Eng achinarlisi, mahalliy kengashlar hududlardagi dolzarb masalalar yechimini topishda o‘z vakolatlaridan deyarli foydalanmayapti.
Ma'lumki, so‘nggi davrda, ayniqsa oxirgi uch yilda mahalliy kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Jumladan, hokim, hokim o‘rinbosarlari, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq va sog‘liqni saqlash idoralari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qo‘yildi.
Qonunchilikda mahalliy kengashlarga bunday keng vakolatlar berilgan bo‘lsa-da, amalda ularning natijasi ko‘rinmayapti. Senat qo‘mitalari mahalliy kengashlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ymagani ham bunga sabab bo‘lmoqda.
Kengashlar faoliyat samaradorligini oshirishda men, birinchi navbatda, siz muhtaram senatorlarga suyanaman. Shuning uchun doimiy asosda ishlaydigan senatorlarni mahalliy kengashlarga biriktirishni nazarda tutadigan yangi tizim yaratish lozim. Bu masalani saylovlarda kuzatuvchi bo‘lib ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar vakillari ham tavsiya etishgan.
Aslida senatorlar hududlar manfaatini himoya qiladilar. Shuning uchun senatorlarimiz har oyda bittadan mahalliy kengashlarni namunaviy ishlaydigan qilib bersalar, albatta xalqni rozi qiladilar.
Shu munosabat bilan mahalliy kengashlarda senatorning kabinetini tashkil etish o‘rinli bo‘ladi. Shu bilan birga, Senat Raisi, hududlarda barcha senatorlarni jalb qilgan holda, mahalliy kengashlar deputatlarining tizimli o‘quvini tashkil etish amaliyotini joriy etishi lozim.
Senat, Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda, mutlaqo yangi bo‘lgan tizimni, ya'ni senatorlar maktabini shakllantirishi kerak. Chunki, joylarda deputatlar korpusi qanchalik kuchli bo‘lsa, mahalliy kengashlar va albatta, Senat ham shunchalik kuchli bo‘ladi.
Hurmatli senatorlar, men sizlarning har biringizni ko‘pni ko‘rgan, xalq ichida katta obro‘-e'tiborga ega, joylardagi muammolarni va ularni hal qilish yo‘llarini yaxshi biladigan odamlar deb bilaman. Barchangiz fidokor va tashabbuskor bo‘lib, o‘z amaliy ishlaringiz bilan senator sifatida mamlakatimiz tarixida nom qoldirishingizni istayman.
















