Kun.uz sayti 2020 yil 1 fevraldan boshlab kutilayotgan ayrim o‘zgarishlarni e'tiboringizga havola etadi.

«To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi qonun kuchga kiradi

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 19 sentyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 11 oktyabrda ma'qullangan va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan 2019 yil noyabrda imzolangan «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi qonun shu yilning 1 fevralidan boshlab kuchga kiradi.

Ushbu qonun to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi va to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchi bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida to‘lovlarni amalga oshirish hamda to‘lov xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi.

Qonunning 63-moddasida u rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran uch oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan edi.

Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori oshadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4555-sonli qaroriga asosan, 2020 yil 1 fevraldan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar hamda kam ta'minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam miqdori 1,07 barobarga oshiriladi.

Shuning bilan, 2020 yil 1 fevraldan boshlab:

  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 679 330 so‘m;
  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 238 610 so‘m;
  • eng kam yoshga doir pensiyalar — oyiga 466 680 so‘m;
  • bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 466 680 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 286 390 so‘m etib belgilanadi.

Bazaviy hisoblash miqdori o‘zgarishsiz - 223 000 so‘m miqdorda qoldirilgan.