Jahon | 12:06 / 30.01.2020
34097
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda koronavirusni to‘xtatib turuvchi modda aniqlandi. Virusni ataylab tarqatayotganlar jiddiy jazolanadi 

Foto: REUTERS/Stringer.

Xitoy Fanlar akademiyasining Uxandagi virusologiya instituti olimlari yangi koronavirusning ko‘payishini hujayralar darajasida samarali to‘xtatib turuvchi dori moddasini aniqlashdi. Bu haqda “Sinxua” axborot agentligi xabar berdi. 

Olimlar koronavirus tarqalishi boshlaganda uning qo‘zg‘atuvchilari va manbalarini o‘rgana boshlashgan. Ular mavjud antivirus vositalari va vaksinalarni yangi koronavirusga qanday qo‘llash mumkinligini o‘rganishgan. Ushbu ishlar o‘z samarasini bergan va hozirda modda sichqonlar hamda primatlarda sinovdan o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, virus o‘chog‘i hisoblangan Xubey provinsiyasi jamoat xavfsizligi boshqarmasi koronavirusga chalingan va karantindan bosh tortayotganlar hamda virusni yuqtirish maqsadida boshqa odamlarga tufurayotganlar jinoiy javobgarlikka tortilishini ma'lum qildi.

Boshqarma sog‘liqni saqlash sohasidagi tartiblarga amal qilmaslik va mas'uliyatsizlik bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi qattiqqo‘llik bilan kurashishidan ogohlantirdi. Jamoat joylarida tufurib, ataylab virusni tarqatayotgan kasallar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Shuningdek, virus yuqqan yoki bunga gumon qilingan, ammo karantin va davolanishdan bosh tortayotganlar ham jazolanadi.  

Shuningdek, tibbiy xodimlarga qasddan zarar yetkazish, hujum qilish, davlat va xususiy mulkka qasddan zarar yetkazish, tibbiy xodimlarni haqoratlash va qo‘rqitish ham keskin jazolanadi.

Bundan tashqari, hukumat tibbiyot muassasalariga motam gulchambarlari olib kelish va pullarni yoqish (Xitoyda dafn marosimlarida qog‘oz kupyuralar yoqish odati mavjud), bannerlar ilish, shifoxonalarga kirish joylari oldini to‘sib qo‘yish taqiqlanadi. Bu kabi holatlar o‘z ortidan og‘ir oqibatlarga olib kelsa jinoyat sifatida qaraladi.

Bu orada Xitoy raisi Si Tszinpin koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatni og‘ir deb atagan.

“Ayni vaqtda epidemiyaning oldini olish bilan bog‘liq vaziyat jiddiy va murakkab bo‘lib qolmoqda. Butun armiya epidemiyaning oldini olish uchun buyruqlarga quloq solib, harakat qilishi, o‘z zimmasiga mas'uliyatni olib, jonini ayamay kurashishi va jonbozlik ko‘rsatishi lozim”, deb murojaat qilgan mamlakat qurolli kuchlariga Xitoy raisi. 

U armiyaning Uxanda koronavirusga chalinganlar uchun qurilayotgan maxsus shifoxonaga mas'ul qilib tayinlanganini partiya va xalqning unga yuqori ishonchini anglatishini aytgan.

“Armiya bu gospitalda bemorlarni qabul qilish bo‘yicha ishlarni bor kuchi bilan olib borishi lozim”, deb qo‘shimcha qilgan Si Tszinpin.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtga kelib virus Xitoyning barcha hududlarida aniqlandi. Undan vafot etganlar soni 170 nafarga, kasallanganlar esa 7711 kishiga yetgan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid