1-savol: Variativ o‘quv rejada tanlov sinfini tashkil etish uchun 5 ta yo‘nalish tavsiya etilgan. Maktab ushbu 5 ta yo‘nalishning barchasini tashkil etishi kerakmi?
Javob: Umumta'lim maktabida barcha yo‘nalishlarda tanlov sinflari ochilishi talab etilmaydi. Maktabda bitta yo‘nalishda tanlov sinfi ochilishiga ham yo‘l qo‘yiladi. Yo‘nalishlarni ochishda bu maktabning imkoniyati, o‘quvchilarning xohishi va yuqori malakali, tajribali o‘qituvchilarning mavjudligi inobatga olinadi.
2-savol: Tanlov sinfi va oldingi an'anaviy sinfning farqi nimada?
Javob: 2019-2020 o‘quv yili uchun mo‘ljallangan tayanch o‘quv reja asosida o‘qitiladigan sinflar – bu an'anaviy sinflar, variativ o‘quv reja asosida o‘qitiladigan sinflar – tanlov sinflari hisoblanadi. An'anaviy sinf 15 ta majburiy fanni o‘qiydi, tanlov sinfi 8 ta majburiy fanni o‘qiydi.
3-savol: Maktabda o‘quvchilar tomonidan tanlanmagan, tanlov faniga kirmagan fan o‘qituvchilari norozi bo‘lsa, bunday holatda ham variativ o‘quv rejani joriy qilish mumkinmi?
Javob: Avvalo, maktabda variativ o‘quv rejani joriy qilish - ixtiyoriy. Quyidagi hollarda umumiy o‘rta ta'lim maktablarida variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv reja joriy qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi: umumiy o‘rta ta'lim maktablari tanlov fanidan dars berish uchun yetarli malaka va tajribaga ega o‘qituvchi bilan ta'minlanmagan bo‘lsa; o‘quvchilar, o‘qituvchilar va ota-onalar tomonidan yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmasa. Variativ o‘quv rejani maktabda joriy qilish yoki qilmaslik masalasi maktabning pedagogika kengashida muhokama qilinadi va tegishli qaror qabul qilinadi. Bunda pedagogik kengashda ishtirok etgan pedagoglarning ovozi bilan tegishli qaror qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda pedagogik kengash raisi hal qiluvchi ovozga ega bo‘ladi.
4-savol: Maktabda variativ o‘quv reja qaysi yo‘nalishda joriy etilishini kim belgilaydi?
Javob: Maktabda variativ o‘quv rejaning yo‘nalishi avvalo o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnoma asosida aniqlanadi. So‘rovnoma natijasida, o‘quvchilar tanlovi asosida ma'lum bo‘lgan yo‘nalish pedagogika kengashida muhokama qilinadi va bu holat qo‘llab-quvvatlansa, variativ o‘quv rejasi yo‘nalishi pedagogika kengashi qarori bilan belgilanadi va maktab direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Pedagogika kengashi qaror qabul qilishda o‘quvchilar tanlagan yo‘nalishdagi fan bo‘yicha maktabda yuqori malakali va tajribali o‘qituvchilar bor yoki yo‘qligi ham inobatga olinadi.














