O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2013–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga quyidagi o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritiladi:

91-moddada (Dalillarni qayd etishda yordamchi usullar. Bayonnomaga ilovalar) to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Quyidagi protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi shart:

1) o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish;

2) tintuv;

3) ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish;

4) tergov eksperimenti;

5) ushlab turish;

6) himoyachidan voz kechish;

7) shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish”;

quyidagi tahrirdagi beshinchi qism bilan to‘ldiriladi:

“Ushbu moddaning to‘rtinchi qismi 5, 6 va 7-bandlarida nazarda tutilgan protsessual harakatlarni videoyozuv orqali qayd etish ushbu kodeksda belgilangan xususiyatlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi”.

Ushbu qismning amaldagi tahriri quyidagicha:

“O‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish tarzidagi, tintuv, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti tarzidagi protsessual harakatlar videoyozuv vositalaridan foydalangan holda qayd etilishi shart”.