Hazorasp nafaqat Xorazmda, balki butun O‘zbekistonda dong‘i ketgan shaharcha hisoblanadi. Bu yerda respublikadagi eng katta ulgurji va chakana buyum bozorlaridan biri joylashgan. Har kuni minglab odamlar shu yerga mamlakatning turli burchaklaridan kelib savdo qilishadi. Bu bozor 1992 yildan shakllana boshlagan. Vaqt o‘tgach ancha eskirib, zamon talablariga javob bermay qo‘ygani tufayli 2013 yilda yangi zamonaviy savdo kompleksining qurilishi boshlangan. Minglab tadbirkorlar 40-50 mln. so‘m evaziga bozor hududidan do‘kon sotib olishgan. Bu o‘sha vaqtning hisobida 15-18 ming AQSh dollariga to‘g‘ri kelgan.

Tadbirkorlar yangi bozorning pudratchisi «Hazorasp ulgurji savdo kompleksi» direksiyasi bilan shartnoma imzolab, unda ko‘rsatilgan mablag‘ni o‘tkazib berishgan. Rejaga ko‘ra, 8,6 gektar hududda barcha sharoitlarga ega zamonaviy savdo kompleksi qad rostlashi, mingdan ortiq do‘konlar qurilishi, ular tayyor holga keltirilib, kaliti egalariga topshirilishi lozim edi. Biroq, oradan 7 yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay, rejadagi ishlar yakuniga yetkazilmadi, shartnoma shartlari bajarilmadi va yangi savdo kompleksi ishga tushirilmadi.

Ayni paytda qurilishi chala qolgan bozorning ahvoli achinarli bo‘lib turibdi. Juda katta mablag‘ evaziga qad rostlagan do‘konlarning devorlari nurab, suvog‘i to‘kilib bormoqda. Tomning qoplamasi buzilib, yaroqsiz holatga kelyapti. Ba'zi do‘konlar qarovsiz turgani sababli chiqindixonaga aylangan.

Hazoraspning eski buyum bozorida ahvol bundan ham achinarli ekani, savdo–sotiq qilish sharoitlari deyarli yo‘qligini ko‘rish mumkin. Bu hudud yog‘ingarchilik oqibatida botqoqqa aylanyapti, issiq va quruq ob-havo sharoitida chang-to‘zon bilan qoplanyapti. Bozorning sanitariya holatini gapirmasa ham bo‘ladi. Tadbirkorlar juda qiyin vaziyatda qiynalib qolishayotgani, har xil kasalliklarga chalinayotganidan shikoyat qilishmoqda. Mana shunday muammolarni bartaraf qilish uchun ham yangi savdo kompleksi ishga tushirilishi lozim edi.

Qayd etish joizki, 2018 yilning mart oyida yangi savdo kompleksining tantanali ochilish marosimi ham o‘tkazilgan, bu ko‘plab tadbirkorlarni xursand qilgan edi. Endilikda bu ish faqat nomigagina, ko‘zbo‘yamachilik uchun qilingani oydinlashdi. Oradan 2 yil o‘tgan bo‘lsa-da, savdo kompleksi hali ishga tushirilgani yo‘q.