2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi e'lon qilindi.
2020 yil 1 iyulga qadar tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Loyihada:
viloyat va tuman hokimlari o‘z dasturlari va ularning ijrosi to‘g‘risida xalq deputatlari viloyat kengashlarida hisobot berishini nazarda tutuvchi tizimni joriy qilish;
mahalliy kengashlarga vazirlik va idoralar hududiy tuzilmalari rahbarlarining o‘z lavozimiga loyiqligi yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga taklif kiritish vakolatini berish;
mahalliy vakillik organlari faoliyatida Kengash so‘rovi institutini joriy qilish;
mahalliy kengashlarning doimiy asosda ishlaydigan kotibiyatni tashkil etish;
viloyatlar va tumanlar hokimlari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni tegishincha Senat va mahalliy kengashlarda muhokamadan o‘tkazish va himoya qilish amaliyotini joriy qilish;
konsepsiya, strategiya va boshqa qarorlardagi indikatorlar va maqsadli parametrlar ijrosi bo‘yicha hokimlar ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikka muntazam axborot berishi;
mahalliy kengashlar faoliyatining ochiqligini ta'minlash choralarini ko‘rish nazarda tutiladi.
Ijro uchun mas'ullar - Oliy Majlis Senati (kelishuv asosida), xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari, Adliya vazirligi.









