O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 fevral kuni mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

«Mahalla tizimi jamiyatimizning eng muhim va tayanch bo‘g‘ini hisoblanadi. Oxirgi uch yilda uni rivojlantirish borasida qator amaliy ishlar amalga oshirildi.

Xususan, mahalla institutiga oid 38ta qonun va me'yoriy hujjatlar qabul qilindi, 50dan ortig‘i takomillashtirildi. Jamiyat hayotida jonbozlik ko‘rsatgan soha xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Fuqarolar yig‘inlari raislari va mas'ul kotiblarining oylik ish haqi o‘tgan yilning o‘zida 1,5 barobarga oshirildi.

So‘nggi uch yilda 624 ta mahalla idorasi yangidan qurildi, 2 ming 265 tasi rekonstruksiya qilindi va ta'mirlandi. 102ta tuman va shahar markazida «Mahalla markazi» majmualari barpo etildi. Har bir fuqarolar yig‘inida «Keksalar maslahati» guruhlari, 4 mingdan ziyod mahalla binolarida kutubxonalar tashkil qilindi.

Mahalla faollarining mas'ul tashkilotlar va profilaktika inspektorlari bilan hamkorligida oxirgi uch yilda 87 mingga yaqin kam ta'minlangan oila ehtiyojmandlik darajasidan chiqarildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda prezident mahalla tizimidan xalq ham, davlat ham to‘la rozi emasligini, bu sohada kamchilik va dolzarb masalalar ko‘pligini ta'kidladi. 

«Xususan, mahallalarda 18 mingdan ortiq xodim faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bo‘lsa-da, ularning ishi samarali tashkil etilmagan. Oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi holatlarning oldini olish bo‘yicha tizim yo‘lga qo‘yilmagan. Oqibatda ayrim mahallalarda notinch oilalar, huquqbuzarliklar ko‘paygan. Shuningdek, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar orasida o‘z joniga suiqasd qilish holatlari uchrayotgani juda achinarli», deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda oilaviy ajrimlar, yoshlar salomatligi, erta tug‘ruqlar, ma'naviy-axloqiy tarbiya bilan bog‘liq muammolar ko‘rsatib o‘tildi. 

«Oila – muqaddas» degan azaliy va ezgu g‘oya qadrsizlanib, ming yillik milliy qadriyatlarimiz zavol topar ekan, bu kabi og‘riqli holatlarni kamaytirib bo‘lmaydi. Buning uchun mahalla katta ijtimoiy kuch sifatida maydonga chiqishi kerak. Chunki faollar, ko‘pni ko‘rgan oqsoqollar, tajribali nuroniylarimiz, agar istasa, jamoatchilik bilan birgalikda har qanday muammoni hal qilishga, xato qilgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solishga qodir», – dedi Shavkat Mirziyoyev.