2017 yil Toshkentda elektrlashtirilgan xalqa temiryo‘l liniyasi qurilishi boshlangan edi. Shu sababli prezident va shahar hokimining tegishli qarorlariga asosan, qator hududlardagi imoratlar buzilishga tushgan.
Tahririyatimizga «Bahromxon» MChJdan shikoyat kelib tushdi. Tadbirkorning aytishicha, yerusti metrosi qurilishi tufayli «snos»ga tushgan mol-mulki uchun belgilangan tartibda kompensatsiya berilmagan.
Murojaatni o‘rganish maqsadida Yashnobod tumani Ohangaron shoh ko‘chasi 1-uyda bo‘lib, jamiyatning ish boshqaruvchisi Bahrom Roziqov bilan suhbatlashdik.
«Metro qurilishi munosabati bilan oshxonamiz buzildi. Omborxonalar ochiq qoldi. Hozir narsalarimizni qo‘shnimiznikiga qo‘yib turibmiz. Bir yil ham o‘tib ketdi. Haligacha ijarachilarga o‘xshab yuribmiz.
Oshxonamizning joyi 1900 kv metrga yaqin edi. Hozir bizga o‘shani yarmicha joy berishdi. Qurilishga hamma narsamiz tayyor. Faqat mablag‘ masalasi muammo tug‘diryapti.
Buzilgan oshxonamiz joyiga teng joy berishmayapti. Beramiz, deb va'da qilishadi. Lekin qachon berishi noma'lum.
Biz loyihani 1849 m.kv. joyga moslab tayyorlaganmiz. O‘sha joyni bersa, keyin qurilish ishlarini boshlar edik.
Kompensatsiya pulini ham berishmadi. Biz hammasini hisoblab qo‘yganmiz. Hokimiyatga ekspertizadan o‘tkazilib, xulosasi olingan 1,6 mlrd so‘mlik qiymat bahosini ham berganmiz. Lekin haligacha javob olmadik» – deydi Roziqov.

Shundan so‘ng Yashnobod tuman hokimligida bo‘ldik. Ayni shu kuni hokimlikda bu vaziyat bo‘yicha izoh bera oladigan biror mansabdor bilan uchrashishning imkoni bo‘lmagan bo‘lsa-da, masala yuzasidan yozma ravishda munosabat bildirilishi ma'lum qilindi.
Va'da qilinganidek, masala yuzasidan hokimlik pozitsiyasi yozma ravishda taqdim etildi.
Unga ko‘ra, «Bahromxon» MChJga Yashnobod tumanidagi davlat zaxirasidagi bo‘sh yer maydonlari taklif qilingan, lekin tashkilot rahbariyati ushbu ko‘rsatilgan joylarni ma'qullamasdan, balki «Rohat» aylanasi atrofida o‘z mijozlariga egaligi, boshqa joydan yer olib qurgan taqdirda mijozlarini yo‘qotishi mumkinligini ta'kidlab, Toshkent shahar hokimligiga murojaat qilgan va arizasi qanoatlantirilgan.


















