Yagona istisnoli holat - Yaponiya qirg‘oqlari yaqinida karantinga olingan kruiz laynerida kuzatilmoqda, kemada yana 44 kishida virus aniqlangan.

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, kasallanganlar orasida o‘lim holati keskin o‘sishi yoki kasallarning ahvoli og‘irlashishi sezilarli darajada oshmagan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirusdan yana 122 kishi vafot etgan, infeksiya qurbonlari soni 1381 nafarga yetgan.

Xitoy Sog‘liqni saqlash masalasi bo‘yicha milliy komissiya xabariga ko‘ra, 14 fevral kuni virusdan zararlanganlar soni 63 851 nafarni tashkil etgan.

Vafot etganlar orasida - olti kishi tibbiyot xodimlaridir, jami 1716 nafar tibbiy xodim virusdan zararlangan.

Vafot etgan shifokorlardan biri Li Venlian yanvar oyi boshidayoq virus haqida hukumatni ogohlantirgan, ammo u mish-mish tarqatishda ayblangandi. U 2019-nCov haqida birinchi bo‘lib xabar berganlardan edi, u shifoxonada bemorlardan virus yuqtirib oldi va 7 fevral kuni vafot etdi.

Xubey provinsiyasida 13 fevral kuni 116 o‘lim va 4823ta virusdan zararlanish bilan bog‘liq holat qayd etilgan. Bu bir kun avvalgi ko‘rsatkichlardan kam, 12 fevral kuni 240 kishi halok bo‘lgan va 15 mingga yaqin kishi virus yuqtirgani aniqlangandi.

JSSTning sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda holatlar bo‘yicha dasturi rahbari Mayk Rayanning so‘zlariga ko‘ra, bu ma'lumotlar kasallik tarqalishi ko‘rsatkichlari keskin ko‘tarilishini anglatmaydi.

EUROPEAN PHOTOPRESS AGENCY

Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoydan tashqarida ikki kishi vafot etganidan tashqari, 24 mamlakatda jami 447 kishi virusdan zararlangan.

13 fevral kuni Yaponiya hududida koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etilgandi. Tokiodan shimoli-g‘arbdagi Kanagava shaharchasida yashagan 80 yoshli ayol olamdan o‘tgan.

Yapon nashrlari xabariga ko‘ra, unga tashxis o‘limdan keyin qo‘yilgan, u koronavirus o‘chog‘i sanalgan Xubeyda bo‘lmagan.

13 fevral kuni AQSh Davlat departamenti Shimoliy Koreya hududida kasallik keng tarqalishi mumkinligidan xavotir bildirgan, bu davlat hukumati hozirga qadar kasallik bilan bog‘liq hech qanday ma'lumot bermagan.