Ummon sultonligining Sulton Qabus universitetida ilmiy safarda bo‘lib turgan olim suhbat davomida ilm-fanga berilayotgan e'tibor, xususan, matematika fani rivojiga bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlarga munosabat bildirdi.

Shuningdek, u ilm va ta'limdagi mavjud muammolarga ham to‘xtalib, ularni hal etishda noreal usullardan foydalanmaslik zarurligini aytib o‘tdi.

– Qaratilayotgan e'tibor natijasida ilm-fanga munosabat va yondashuv o‘zgaryaptimi?

– Albatta, o‘zgarish bor. Avvalo, prezident shaxsan ajratib ta'kidlagani uchun matematikaga barcha darajadagi amaldorlarning munosabati o‘zgardi. Yondashuv esa asta-asta shakllanyapti.

Innovatsion rivojlanish vazirligidagi mas'ullar bu borada yurtimizning barcha darajadagi matematiklari bilan muloqotga kirishgan. Ulardan mamlakatimizda matematikani rivojlantirish bo‘yicha takliflarni olishmoqda, maxsus ishchi guruhlar bu takliflarni saralash bo‘yicha ish olib borayotganiga guvohman. Yaqin orada buning natijalarini ko‘rib qolsak kerak.

Bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Vaqt tig‘iz deb shoshilinch ravishda xulosalar qilish yaramaydi. Shu sababli qandaydir noreal muddatlar qo‘yib, turli «yo‘l xaritalari» ishlab chiqishdan uzoqroq bo‘lgan ma'qul deb o‘ylayman.

Endi umuman, ilm-fanga bo‘lgan e'tiborni, bu borada qilinayotgan o‘zgarishlar haqida gapirsak, dinamika yetarli emasdek tuyulyapti.

Prezident barcha jabhalarda, jumladan, iqtisodiyotda ham ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishni talab qilyapti. Olinayotgan ilmiy natijalarni tijoratlashtirish vazifalari qo‘yilyapti.

Manfaatdor vazirliklarning mas'ullari O‘zFA ilmiy-tekshirish instituti xodimlari bilan shaxsan uchrashuvlar tashkil qilayotgani haqida OAVlarda ko‘p o‘qiyapman. Ijro hokimiyati olimlar tomon qadam tashlagandek, lekin barcha ilmiy tekshirish institutlarida ham tijoratlashtirishga, amaliyotga tatbiq etish uchun tayyor, jahon miqyosida raqobatbardosh ishlanmalar bormi? Bunga aksariyat hollarda ha deb javob bera olmaymiz.

Lekin tayyor ishlanmalarniyam yetarlicha samarali tijoratlashtirish mexanizmida ham nuqsonlar bor. Bu – byurokratik xarakterdagi to‘siqlar, davlat korxona-tashkilotlaridagi eskicha munosabat hamda ba'zi hollarda korrupsion manfaatlar ko‘rinishida namoyon bo‘layotgani achinarli hol. Bunda endi olimlarning aybi yo‘qligi aniq.

Xullas, ikki tomonda ham samarali hamkorlik yo‘lida qiladigan ishlar ko‘p. O‘zFA tarkibidagi ilmiy tadqiqot institutlarining budjet ta'minotiga o‘tkazilishi bu jarayonga yaxshigina ijobiy turtki beradi deb o‘ylayman. Davlat uchun dolzarb bo‘lgan yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqotlar olib borish, ilmiy natijalarni samarali tijoratlashtirish natijasida davlat ilm-fanga ajratadigan mablag‘lar to‘liq o‘zini oqlay boshlaydi. Boshida bunday bo‘lmasligi aniq, chunki hali ilmiy-tadqiqot institutlarimiz zamonaviy laboratoriya jihozlariga ega bo‘lishi, malakali mutaxassislarni tayyorlab ulgurishi, hozirda faoliyat olib borayotgan ilmiy xodimlarning ilmiy yo‘nalishlarini o‘zgartirishlariga ham vaqt, ham moliyaviy mablag‘ zarur bo‘ladi. Asosiysi – shu jarayonni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olish.