Prezident “Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmon bilan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yuklatilgan 46 turdagi hamda profilaktika inspektorlariga yuklatilgan 13 turdagi vazifa va funksiyalar qisqartirildi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yuklatilgan, boshqa davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlarini takrorlovchi, ortiqcha va xos bo‘lmagan qisqartirilayotgan vazifa hamda funksiyalar ro‘yxati:

1. Fuqarolarga uy-joy fondidan foydalanishda hamda uning saqlanishini ta'minlashda ko‘maklashish.

2. Kvartira mulkdori yo‘qligida avariyani bartaraf etish uchun xonadonga kirish.

3. Qarovsiz uy hayvonlari yoki qo‘lga o‘rgatilgan hayvonlarni egasini qidirish choralarini ko‘rish, qarovsiz hayvonlarni tutib olgan shaxsning iltimosiga ko‘ra hayvonlarni boqish uchun zarur sharoiti bo‘lgan shaxsni topish hamda hayvonlarni unga topshirish.

4. Imoratni qurish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan hujjatlarning mavjudligi hamda shaharsozlik normalari va qoidalari asosida qurilganligini aniqlash.

5. Hududlarga ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishi va kreditlarning belgilangan muddatda qaytarilishini ta'minlash.

6. Dafn etish joylarini saqlash va obodonlashtirishga yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayr-ehsonlarni amalga oshirish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish uchun tuziladigan tuman (shahar) komissiya tarkibida ishtirok etish.

7. Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish, mehnatni muhofaza qilishni ta'minlashda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa organlarga ko‘maklashish.

8. Aholi punktlari sanitariya jihatidan tozalanishiga hamda maishiy-ro‘zg‘or chiqindilari to‘plab olib ketilganligi uchun to‘lovlarni vaqtida to‘lanishiga ko‘maklashish.

9. Chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun abonentlar bilan shartnomalar tuzish va to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash.

10. Maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish borasidagi amaliy tizimni tashkil etish, qattiq maishiy chiqindilar bo‘yicha majburiy to‘lovlarni to‘lovchi jismoniy shaxslarning hisobi yuritilishini tashkil etish.