CheLSI – TOTTeNHEM (22 fevral, 17:30)

Angliyada Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash oxirgi turlargacha davom etsa kerak. Ayniqsa, «Manchester Siti»ning kelasi mavsum uchun YeChLdan chetlashtirilishi mumkinligi 5-o‘ringa ham imkoniyat yaratdi va tabiiyki, da'vogarlar sonini oshirdi. Kuchli to‘rtlik uchun asosiy ikki favorit bo‘lmish London jamoalari, negadir, so‘nggi o‘yinlarda muammolarga o‘ralashib qolishdi.

Mavsumni ajoyib boshlagan «Chelsi» hatto uchinchi o‘ringa ham yaqin kelgandi, lekin so‘nggi ikki oy Lempard uchun omadsiz pallaga aylandi, hatto u yozda iste'foga chiqishi mumkinligi haqida ham ma'lumotlar paydo bo‘la boshladi. «Chelsi» APLdagi so‘nggi 14 o‘yindan atigi 4tasida g‘alaba qozondi, xolos. Klub undan oldingi 12 o‘yindan 8tasini o‘z foydasiga hal qilgandi. Jamoa uchun o‘z maydonida «Manchester Yunayted»dan qabul qilingan mag‘lubiyat og‘riqli bo‘ldi – shu tariqa 5-8 o‘rindagi jamoalar «Chelsi»ga maksimal darajada yaqinlashib olishdi. Navbatdagi mag‘lubiyat jamoani hatto oltinchi o‘ringa ham tushirib yuborishi ham mumkin.

Foto: Twitter / @premierleague

«Tottenhem»ning ham o‘z muammolari bor. Mourino kelgach jamoa natijalari barqarorlashdi, portugaliyalik mutaxassis kelganidan buyog‘iga hisoblasak, «Tottenhem» faqat «Liverpul»dan kam ochko jamg‘argan. Lekin e'tiborli jihat, «taqachilar» faqat kuchsizroq klublarga qarshi ishonchli o‘ynay olishyapti, top-o‘yinlarni Joze Mourino mag‘lub bo‘lib yakunlayapti. Klub «Manchester Siti»ga qarshi o‘yindagi g‘alabagacha «Liverpul», «Chelsi», «Yunayted», «Bavariya» kabi jamoalarga yutqazdi, kuni-kecha esa, Chempionlar Ligasida «Leypsig» Londondan g‘olib bo‘lib ketdi.

«Biz o‘qsiz urushga chiqdik», – deb izohladi YeChLdagi mag‘lubiyatni Joze Mourino. Rostan ham, Harri Keynning yo‘qligini bilintirmay, sermahsul o‘yin ko‘rsatib kelayotgan Son Xon Min ham jarohat oldi va uzoq muddatga safdan chiqdi. Yanvarda mos hujumchi topa olmagan «Tottenhem» endi oldingi chiziqda Lukas Mouraga tayanishga majbur.

«Chelsi» nihoyat o‘z «o‘qi» bilan maydonga tusha olsa kerak, katta ehtimol bilan Abraham bu uchrashuvga tayyor bo‘ladi. Shuningdek, Pulishich va Ruben Loftus-Chik ham mashg‘ulotlarda qatnashmoqda. Faqat maydon markazida Kantening yo‘qligi bilinishi mumkin. U «MYu»ga qarshi o‘yinda jarohat olib, safdan chiqqandi.

«Tottenhem» chorshanba oqshomida YeChL o‘yinida maydonga tushdi, demak raqibiga nisbatan jismoniy tomondan imkoniyati pastroq baholanadi. Lekin tanganing boshqa tomoni, «Chelsi»ni kelasi hafta «Bavariya»ga qarshi muhim o‘yin kutib turibdi. Bu ham balki derbiga tayyorlanishda o‘ziga xos salbiy ta'sirini o‘tkazar.