O‘zbekiston | 16:22 / 22.02.2020
32604
3 daqiqa o‘qiladi

Quyosh elektr panellari va suv isitgichlari qanchalik tejamkor? - Energetika vazirligida press tur

20 fevral kuni Energetika vazirligi tomonidan muqobil energiya manbalaridan foydalanishning qulaylik va afzalliklarini jamoatchilikka ko‘rsatish maqsadida press tur tashkil etildi. 

Unda Yangiyo‘l tumanidagi sanatoriyada o‘rnatilgan quyosh suv isitgichlari hamda Nurafshon tumanidagi xonadonlarda sinov tariqasida o‘rnatilgan quyosh elektr panellari misolida energotejamkor uskunalarning qator imkoniyatlari haqida ma'lumotlar berildi. Shuningdek, ulardan foydalanuvchilar o‘z fikrlarini bildirishdi.

«Quyosh issiqlik energiyasi» MChJ tijoriy direktori Faxat Tojiboyev press tur davomida quyosh suv isitgichlari va quyosh elektr panellarining boshqa turdagi elektr manbalaridan farq va ba'zi afzalliklarini misollar bilan ko‘rsatib berdi. 

Faxat Tojiboyev

«Korxonamiz hisob-kitobi bo‘yicha 2016 yilda sanatoriyada issiq suv uchun sarf-xarajatlar o‘rtacha 8 million so‘m bo‘lgan. Korxona tomonidan qo‘yilgan quyosh suv isitgichlari barcha xizmatlari bilan 89-90 mln. so‘mga baholandi, shundan hisob qilish mumkinki, 14-15 oyda qilingan sarfni butunlay qoplagan. Hozirgi kunda bu yerda issiq suv ta'minoti mutlaqo bepul.

 

Bizga beriladigan asosiy savollardan biri shuki, qish kunlarida bular qanday ishlaydi? Bunda vakuumli kolbalar mavjud va unga havo harorati ta'sir qilmaydi. Bu degani kollektor suvni yoz kunlarida qanday isitsa, qishda ham shunday isitadi. Ular shuningdek, termos xususiyatiga ham ega. Ya'ni kunduzi isitilgan suv kechqurun harorat -10 bo‘lganda ham termosdagi suv harorati 6-9 daraja pasayishi mumkin.

Korxonamizda turli sig‘imdagi quyosh suv isitgichlari mavjud. Oilaviy sharoitda ham foydalanish mumkin bo‘lgan suv isitgichlari o‘rnatib beramiz. Misol uchun, bir oilaga o‘rtacha 100 litr sig‘imdagi suv idishi yetadi va bu quyosh suv isitgichi 3 mln. so‘m atrofida bo‘ladi», dedi Faxat Tojiboyev. 

 

Nurafshon tumanidagi xonadonlarda sinov uchun o‘rnatilgan quyosh elektr panellari aholining og‘irini qanchalik yengil qilayotganini so‘raganimizda, elektr uchun ilgari 80 ming so‘m to‘lagan bo‘lsa, endilikda 60 ming so‘m atrofida to‘lov qilayotganini aytishdi. Ya'ni ushbu kam quvvatli panel oila uchun 20 ming so‘m miqdorida foyda olib kelgan.

Bu bo‘yicha korxona mutasaddisi Faxat Tojiboyevdan izoh so‘raganimizda Nurafshonda o‘rnatilgan panellar test rejimida ekanini va 2 kilovatt quvvatga egaligini aytdi. Uning ma'lumotiga ko‘ra, bu mo‘'jaz panel bittadan sovutgich va televizor, shuningdek, 4-5 dona chiroq uchun mo‘ljallangan. Narxi esa 12-13 mln. so‘m atrofida. 

Chiroq muntazam o‘chadigan hududlarda bu qisman o‘zini oqlar, balki. Lekin panelning imkoniyati chegaralanganini ham inobatga olish zarur. Imkoniyatlari kengayishi esa panel narxining ham oshishiga olib keladi.

Mavzuga oid