Tuzilgan shartnomalar doirasida moliyalashtirishning umumiy hajmi 80 million AQSH dollarini tashkil etadi. Ushbu mablagʻlar Oʻzbekiston boʻylab bizneslarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga yoʻnaltiriladi.

Mablagʻlar, avvalo, mikro, kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

Ularning:

  • 35 % - 2X Challenge tamoyillariga muvofiq, ayollar egaligidagi bizneslarni moliyalashtirishga;
  • 30% - kreditorlar tomonidan belgilangan mezonlarga javob beradigan «yashil» loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi. Bunday loyihalar qatoriga energiya samaradorligini oshirish, yashil qurilish, qayta tiklanuvchi energiya, suv resurslaridan samarali foydalanish va ekologik toza transport sohasidagi loyihalar kiradi;
  • qolgan mablagʻlar - belgilangan talablarga javob beradigan boshqa loyihalarni moliyalashtirish uchun ajratiladi.

Tuzilgan shartnomalar Ipak Yuli Bank’ning Oʻzbekistonda xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshish imkoniyatlarini kengaytiradi. Ajratilgan mablagʻlar energiya samaradorligi va boshqa «yashil» yoʻnalishdagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston boʻylab ayollar egaligidagi bizneslarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Ipak Yuli Bank’ning yangi hamkorlari xususiy sektor va barqaror rivojlanish loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha katta tajribaga ega. OeEB va CDP mos ravishda Avstriya va Italiyaning rivojlanish moliya tashkilotlari boʻlsa, Allianz Global Investors aktivlarni boshqarish va investitsiya yechimlarini taqdim etishga ixtisoslashgan.

Oesterreichische Entwicklungsbank AG (OeEB)

Oesterreichische Entwicklungsbank AG (OeEB) 2008-yildan buyon Avstriyaning rivojlanish banki sifatida faoliyat yuritadi. OeEB rivojlanayotgan mamlakatlarda xususiy sektor loyihalarini uzoq muddatli moliyalashtirishga ixtisoslashgan. Ushbu loyihalar barqaror iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladi.

OeEB moliyaviy yordam bilan birga, loyihalarning ijtimoiy va iqtisodiy taʼsirini oshirishga yordam beradigan texnik koʻmak ham taqdim etadi.