O‘zbekiston | 16:30 / 25.02.2020
4267
3 daqiqa o‘qiladi

Urgutdagi kutubxona binosi o‘z egasiga qaytariladigan bo‘ldi

21 fevral kuni Kun.uz «Urgutda Prezident topshirig‘i bilan qurilgan kutubxona binosi boshqa tashkilotga berib yuborildi» sarlavhali maqola e'lon qilgan edi.

Maqolada prezident topshirig‘i bilan kutubxona uchun qurilgan binoning hokimlik qarori bilan boshqa tashkilot balansiga o‘tkazib yuborilgani haqida so‘z boradi. Urgut tuman hokimligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018 yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida bergan topshirig‘i  ijrosini ta'minlash maqsadida 2018 yil 10 aprelda Urgut tumanida ta'lim olayotgan yoshlar va tuman aholisini zamonaviy axborot resurslariga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlash maqsadida Urgut shahri Do‘stlik mahallasi Navoiy shoh ko‘chasi yoqasida joylashgan «Urgut istirohat bog‘i» hududidan tuman XTBga qarashli Axborot resurs markaziga bino qurish uchun 0,34 gektar bo‘sh yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan.

2019 yil 23 aprelda qurib bitkazilgan axborot resurs markazi binosining davlat qabul hay'atining qurilish tugallangan binoni, inshootni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risidagi dalolatnomasini tasdiqlash va mazkur obektni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Urgut tuman Kengashi balansiga o‘tkazish to‘g‘risida Urgut tuman hokimining qarori tasdiqlangan va ushbu qarorga muvofiq kutubxona binosi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

2019 yil 29 iyunda Xalq deputatlari Urgut tuman Kengashining qaroriga binoan, Urgut tuman hokimining 2019 yil 23 apreldagi 2111-sonli qarori tasdiqlangan. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman kengashi ushbu binodan maqsadli foydalanish maqsadida «Yosh blogerlar», «Yosh kitobxonlar» va «Kompyuter savodxonligi», «Sardorlar maktabi» to‘garaklarini tashkil etib, faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Urgut tumani kengashi bugungi kunda boshqa binoga ko‘chirib o‘tkazdirilib, o‘z faoliyatini olib bormoqda», – deyiladi Urgut tuman hokimligi axborot xizmati xabarida.

Анвар Мустафоқулов
Tayyorlagan Анвар Мустафоқулов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid