Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasiga davlat chegarasidan kirib kelayotgan fuqarolar ularning qaysi davlat fuqaroligidan qat'iy nazar COVID-19 koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat murakkab bo‘lgan davlatlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki boshqa davlatlar orqali kirib kelayotgan bo‘lsa bu tartiblar joriy etiladi. Agarda, fuqarolar “COVID-19” koronavirus kasalligi qayd etilmagan boshqa davlatlarda 14 sutkadan ortiq vaqt mobaynida istiqomat qilib, so‘ngra O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan bo‘lsa - ularga nisbatan karantin va cheklovlar joriy etilmaydi.

1. Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Italiya, Afg‘oniston Islom Respublikasi, Yaponiya davlatlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki boshqa davlatlar orqali, bir vaqtda uyushgan holda kirib kelganda fuqarolar 14 sutkaga karantinga olinadi.

Istisnolar: rasmiy va hukumat delegatsiyalari a'zolari, shuningdek, xizmat va diplomatik pasport egalari, aviakompaniyalar uchuvchilari va ekipaj a'zolari, lokomotiv brigadalar, temir yo‘l transportining transport faoliyati bilan bog‘liq shaxslar va xalqaro avtoulovlarda yuk tashish bilan shug‘ullanadigan haydovchilar.

Kirib kelayotgan fuqarolar davlat chegarasidan kirish joyida hududiy hokimiyat organlari tomonidan belgilangan joylarga uyushgan holda avtobusda olib boriladi, 14 sutka mobaynida uzluksiz ravishda aholidan izolyatsiya qilinadi. Ushbu muassasalarda inson hayoti uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Fuqarolarga karantin mobaynida karantinizatsiya joyini tark etishga ruxsat berilmaydi.

Tibbiy xodimlar tomonidan karantin mobaynida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar: tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, tana haroratini, arterial bosimini o‘lchash, surishtiruv o‘tkazish. Tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra laboratoriya tadqiqoti uchun burun-halqumidan biomateriallar va zaruriyat tug‘ilganda boshqa usullar uchun namunalar olinishi mumkin.

Karantin tugagandan keyin (shifoxonadan chiqqandan keyin), 10 kun mobaynida tibbiyot xodimi tomonidan telefon orqali so‘rash o‘tkazadi.

Karantindagi shaxslar tomonidan intizomni buzish holatlari kuzatilsa, ma'muriy javobgarlikka tortish belgilangan.

2. Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Italiya, Afg‘oniston Islom Respublikasi, Yaponiya, Fransiya, AQSh, Germaniya, Singapur, Ispaniya, XXR Gonkong, XXR Makao, XXR Tayvan - uy sharoitida izolyatsiya. Bu davlatlardan kelgan shaxslar oxirgi tashrifidan 14 kundan kam vaqt o‘tgan bo‘lsa tibbiy cheklovga olinadi.