Hujjat bilan tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) umumiy joylashtirish, shu jumladan binolar tashqi qismida o‘rnatish tartibi, shuningdek shahar yoki hududlarning ijtimoiy faolligini, tarixiy-madaniy qiymatini hisobga olgan holda o‘rnatiladigan obektlarning turlari va ko‘rinishlarini, dizaynerlik yechimlari va o‘lchamlari belgilanadi.
 
Norma’ning yozishicha, nizom talablari quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risida axborot joylashtirilgan ma'lumot taxtalari va boshqa texnik vositalar;

reklama xususiyatiga ega bo‘lmagan ma'lumotlar taxtasi;

binolar (inshootlar) tashqarisida va yer osti piyodalar o‘tish joylarida (reklama xususiyatiga ega bo‘lmagan) faqat afisha va e'lonlar joylashtirish (tarqatish) uchun mo‘ljallangan texnik vositalar. Bunday texnik vositalarda afisha va e'lonlarni joylashtirish qonunchilikka muvofiq ayrim tashkilotlarga yoki fuqarolarga yuklatilgan bo‘ladi;

savdo obekti yoki xizmat ko‘rsatish obekti ichki tarafida mahsulotni saqlash, ko‘chirish, qadoqlash, namoyish etishga mo‘ljallangan reklama ko‘rinishidagi mebel, inventar, asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalar.
 
Nizom bilan tasdiqlangan talablarni amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organlar etib tuman (shahar) hokimliklari belgilangan.
 
Tashqi reklama faoliyati yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi. Respublika hududida o‘rnatilgan tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) mavjud binolarning tashqi me'moriy ko‘rinishiga mos kelishi, ularni joylashtirish joylari esa hududiy rejalashtirish sxemasiga muvofiq bo‘lishi kerak. Tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) ularga reklama yoki axborot xabari yoki tasvirni joylashtirmasdan o‘rnatishga va foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
 
Tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) reklama joyining pasporti va texnik chizmasi mavjud bo‘lganda o‘rnatiladi. Transport vositalarining harakatlanish zonasida ish olib borishda, obektlar (konstruksiyalarni) o‘rnatishda yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi kerak.