Jahon | 01:19 / 06.03.2020
8236
3 daqiqa o‘qiladi

Bashar Asad aksariyat arab davlatlari Suriya bilan aloqalarni tiklaganini ma'lum qildi 

Foto: SANA

Suriya prezidenti Bashar Asad aksariyat arab davlatlari Suriya bilan aloqalarni tiklaganini aytdi. U, shuningdek, Turkiya bilan aloqaning tiklanishi shartini ma'lum qildi. 

Suriya rahbari bular haqida “Rossiya 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Uning ta'kidlashicha, aksariyat arab davlatlari Suriya bilan aloqani tikladi, biroq buni G‘arb bosimidan qo‘rqib, ovozasiz amalga oshirdi.

“Aksariyat arab davlatlari Suriya bilan munosabatlarni tikladi, biroq bosimdan qo‘rqib, buni ovozasiz qildi. Bu davlatlar Suriyaga qo‘llab-quvvatlov bildirdi va terrorchilik ustidan g‘alaba qozonishimizni tilab qoldi. Biroq g‘arb bosimi, jumladan AQShniki, bu davlatlarni, ayniqsa Fors ko‘rfazi davlatlarini, bizdan o‘zini uzoqroq tutishga va Suriyada o‘z elchixonalarini ochmaslikka majbur qildi”, deb aytgan Asad.  

Ta'kidlab o‘tish joiz, 4 mart kuni Liviya muvaqqat hukumati elchixonasi 2012 yildan keyin ilk bor Damashqda o‘z ishini boshladi. Bungacha, 2018 yil dekabrda 6 yillik tanaffusdan keyin Damashqda BAA va Bahrayn o‘z elchixonalari ishini tiklagan.

Umuman olganda, Suriyada 2011 yilda boshlangan ixtilofdan keyin 30 dan ko‘proq davlat, jumladan AQSh, Saudiya Arabistoni va Yevropa Ittifoqi vakolotxonasi Suriyadagi o‘z elchixonalarini yopgan yoki diplomatik personalini Livan poytaxti Bayrutga ko‘chirgan. 

Shuningdek, Asad o‘z intervyusida Turkiya bilan aloqalarning tiklanishiga to‘xtalib o‘tgan. Uning ta'kidlashicha, Suriya hukumati Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatsa, Anqara bilan munosabatlarni tiklashga tayyor. 

Suriya prezidentining aytishicha, oxirgi ikki yil ichida Suriya va Turkiya maxsus xizmatlari vakillari o‘rtasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.

“Bizning Rossiya bilan umumiy maqsadimiz – Turkiyani terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashdan narilatish va uni o‘zining asl pozitsiyasiga qaytarishdir. Biroq Erdo‘g‘an terrorchilarni qo‘llab-quvvatlar ekan, biz bunday natijaga kela olmaymiz. Terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashdan qutulish kerak, o‘shanda vaziyat avvalgi holiga qaytadi”, deb ta'kidlab o‘tgan Asad. Uning ta'kidlashicha, ikki davlat xalqlari orasida adovat yo‘q, keskinlik esa siyosiy manfaatlar bilan bog‘langan.

Suriya va Turkiya diplomatik aloqalarni 2012 yilda uzgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid