Qadim zamonlardan buyon odamlar toshqinlarga qarshi kurashish va qishloq xo‘jaligini suv bilan ta'minlash uchun oddiy xalq "to‘g‘on" deb ataydigan sun'iy gidroinshootlar qurib kelishgan. Ulardan dastlabkilari bir necha ming yil oldin Mesopotamiya va Yaqin Sharqda bunyod etilgan. Agar ilk to‘g‘onlar balandligi besh metrdan oshmagan ibtidoiy inshootlar bo‘lgan bo‘lsa, 19 asr oxirida suvdan elektr energiyasini ishlab chiqarish g‘oyasi paydo bo‘lganidan keyin ularning ahamiyati ham, o‘lchamlari ham sezilarli darajada oshdi.

International Rivers ma'lumotiga ko‘ra, butun dunyo bo‘yicha 57 mingdan ortiq katta to‘g‘on bo‘lib, ular orasida eng kattasi Xitoyning asosiy suv tomiri - Yanszi daryosi bo‘yida joylashgan “Uch dara” to‘g‘onidir. Bu ulkan inshoot shunchalik yirikki, u maksimal darajada to‘ldirilgan vaqtda 39 milliard tonna suvni o‘z ichiga oladi, bu Yerning aylanish inersiyasi o‘zgarishiga olib keladi. Natijada kun 0,06 mikrosekundga uzunroq bo‘ladi.

Yirik to‘g‘onlar doimo qo‘riqlanadigan strategik obekt hisoblanadi va bu tushunarli, chunki ular o‘piriladigan bo‘lsa nafaqat sug‘oriladigan dalalar, balki daryoning quyi oqimi bo‘ylab yashaydigan insonlar ham xavf ostida qoladi.
Qayd etish joiz, texnika va texnologiya rivojlanishi bilan inson resurslariga ehtiyoj kamayadi. Masalan, Vadomoxon suv ombori (Gvadalkvivir daryosi, Ispaniya) to‘g‘onida atigi 3 kishi ishlaydi, doimiy qo‘riqchilar esa yo‘q.

Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi tomonidan Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan UzWaterAware suv masalalaridan xabardorlik loyihasi doirasida jurnalistlar va O‘zbekistondagi tegishli davlat idoralari matbuot xizmatlari xodimlari Ispaniyada bo‘lib, u yerda, jumladan Gvadalkvivir daryosining asosiy to‘g‘onlaridan biri – Vadomoxonda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Suv ombori 1993-1997 yillarda qurilgan. Bugungi kunda u nafaqat sug‘orish, balki energetik ahamiyatga ham ega. Daryoning tabiiy oqimini saqlab turish uchun suv oqimi 250 l / sek miqdorida bo‘ladi. To‘g‘onning texnik direktori Pedro Eskribanoning so‘zlariga ko‘ra, suv ombori hududida doimiy qo‘riqchilar yo‘q, uni mahalliy politsiya qo‘riqlaydi.























