O‘zbekiston | 21:00 / 08.03.2020
27379
12 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga ayol hokimlar, Idlib bo‘yicha sulh, Rossiyani sergaklantirgan koronavirus va haftaning boshqa xabarlari

Yakunlanayotgan haftada O‘zbekistonda yana 4 nafar ayol hokim paydo bo‘ldi, koronavirus esa Xitoydan tashqarida shiddat bilan tarqalmoqda, xususan, Italiya, Eron, Janubiy Koreyadan tashqari AQSh va Rossiya ham sergak torta boshlagan. Shuningdek, haftaning asosiy voqealaridan biri Moskvada RF va Turkiya prezidentlari Idlib bo‘yicha tinchlik kelishuviga erishgani bo‘ldi, Afg‘onistonda esa «Tolibon» tinchlik kelishuviga qaramasdan hujumlarni davom ettirmoqda.

Yakunlanayotgan hafta ham barcha haftalarda bo‘lganidek muhim jarayonlarga boy bo‘ldi, jahonning turli nuqtalarida ham, O‘zbekistonda ham e'tiborga molik voqealar bo‘lib o‘tdi. Kun.uz o‘tgan haftaning eng asosiy va diqqat markazida turgan mavzulari bo‘yicha haftalik dayjestni taqdim etadi.

O‘zbekistonda viloyatlarda bir nafardan ayol hokim tayinlash an'anasi yo‘lga qo‘yildi.

4 mart kuni Andijon viloyati, Bo‘ston tumanida faollar yig‘ilishida Sadbarxon Mamitova tumanning yangi rahbari etib tayinlandi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Zulayho Mahkamova esa Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumaniga hokim bo‘ldi.

Shu kuni Qarshi tumaniga ham yangi rahbar tayinlandi - Maqsuda Mustafoyeva.

5 mart kuni esa Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahriga senator Gavhar Alimova hokim etib tayinlangani xabar qilindi. Shu tariqa, O‘zbekistonda ayol hokimlar soni 6 nafarga yetdi. Bungacha 18 fevral kuni Sirdaryo viloyatining Boyovut tumaniga senator Dilfuza Uralova hokim bo‘lgan, 29 fevral kuni esa Buxoro viloyatining Olot tumani hokimi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Nargiza Ne'matova tuman hokimi v.v.b etib tayinlangandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ayol hokimlarga dalda berib, hech narsadan qo‘rqmaslikni tayinladi.

Hafta davomida boshqa tayinlovlar ham bo‘ldi. 

2017 yildan buyon Namangan shahrini boshqarib kelgan Shavkatjon Abdurazzoqov Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi, shu munosabat bilan, uning o‘rniga «O‘zagrokimyohimoya» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Olimjon Isayev Namangan shahar hokimi etib tayinlandi.

O‘tgan haftada Buxoro shahri hokimi Karim Kamolov Buxoro viloyati rahbariga aylangandi, shu munosabat bilan uning o‘rniga O‘tkir Jumayev Buxoro shahar hokimi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi.

Andijon viloyatining Bo‘ston tumaniga ayol hokim tayinlangach, bu tumanning sobiq hokimi Inomjon Mamadaliyev Asaka tumani rahbarligiga o‘tkazildi.

2017 yildan buyon Asaka tumanini boshqarib kelayotgan Erkin Yoqubov esa yaqin vaqt ichida Ulug‘nor tumaniga hokim etib tayinlanishi kutilmoqda.

Haftaning eng shov-shuvli iste'folari Qashqadaryo viloyatida ro‘y berdi - Mirishkor tumanida mahalla raislarini so‘kib haqoratlagan hokim Baxtiyor Rajabov ishdan olindi. Uning o‘rnini Qarshi tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan (bu tumanga ham ayol kishi hokim etib tayinlangandi) G‘ayrat Begaliyev egalladi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida IIB binosida tergov qilingan fuqaro vafot etishi voqeasi tufayli tuman IIB rahbariyati ishdan olindi.

Idlib sulhi
5 mart kuni Rossiya poytaxti Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 6 mart kunidan Idlibda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilinishi to‘g‘risida bayonot berishdi. Sulh shartlariga rioya etilishini nazorat qilish uchun Rossiya va Turkiya M-4 trassasidan shimolda hamda janubda 6 kilometrlik xavfsizlik yo‘lagi tashkil etadi, tomonlar hududda qo‘shma patrullik tashkil etadi.

Foto: Reuters

Kelishuv matnida quyidagilar bayon etilgan:

«Turkiya Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Suriya Arab Respublikasida sulh amalga oshirilishining kafolatchilari sifatida (bundan buyon matnda taraflar deb yuritiladi),

Suriya Arab Respublikasida eskalatsiyani kamaytirish zonalarini tashkil qilishga oid 2017 yil 4 maydagi Memorandum va Idlib eskalatsiyani kamaytirish zonalaridagi holatni barqarorlashtrishga oid 2018 yil 17 sentyabrdagi Memorandumni esga olib,

Suriya Arab Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligi bo‘yicha qat'iy majburiyatlarini ta'kidlab,

Terrorizmning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan terrorchi, deb belgilangan barcha guruhlarni yo‘q qilishga tayyor ekanliklarini yana bir bor ta'kidlab, tinch aholi va fuqaro infratuzilmasini nishonga olish hech qanday asosga ega emasligini tan olib,

Suriya mojarosiga harbiy yechim topilmasligini va mojaroni faqat suriyaliklarning rahbarligi va sohibligida Birlashgan Millatlar Tashkiloti yordami bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 2254-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq, siyosiy jarayon orqali hal etish mumkinligini ta'kidlab,

Gumanitar inqirozning yanada yomonlashuvining oldini olish, tinch aholini himoya qilish, muhtoj bo‘lgan barcha suriyaliklarga har qanday shartlar va kamsitishlarsiz himoya va insonparvarlik yordami ko‘rsatilishini, ichki ko‘chishlarning oldini olish, qochqinlar va ichki ko‘chishdagi odamlarning ixtiyoriy ravishda Suriyadagi asl yashash joylariga qaytishlarini qulaylashtirish ahamiyatini ta'kidlab,

  1. Eskalatsiyani kamaytirish zonasidagi aloqa liniyasida barcha harbiy harakatlar 2020 yil 6 mart kuni soat 00:01dan e'tiboran to‘xtatiladi.
  2. M4 avtomagistralining shimolida 6 km va janubida ham 6 km masofada xavfsiz yo‘lak tashkil etiladi. Xavfsiz koridordan foydalanish bilan bog‘liq tartib-qoidalar Turkiya Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirliklari o‘rtasida 7 kun ichida qarorlashtiriladi.
  3. Turkiya-Rossiya qo‘shma patrullarining faoliyati M4 avtomagistralining Trumba shahridan (Serakibdan 2 km g‘arbda) Ayn-Al-Xavrgacha bo‘lgan qismida 2020 yil 15 martda boshlanadi.

Koronavirus Rossiyaga tahdid solmoqda

Ilya Pitalev/RIA «Novosti»

8 mart kuni Rossiyada koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq yana 3 holat aniqlandi va endilikda bu mamlakatda virus yuqtirganlar soni 17 nafarga yetdi. Yangi holatlar Moskva, Kaliningrad va Belgorod oblastlarida qayd etilgan.

Ayni vaqtda poytaxt Moskvada «yuqori shaylik rejimi» joriy etilgan. Poytaxt meri imzolagan farmonga ko‘ra, so‘nggi kunlarda 11 davlatdan (Buyuk Britaniya, Germaniya, Eron, Ispaniya, Italiya, Xitoy, Norvegiya, AQSh, Fransiya, Shveytsariya va Janubiy Koreya) kelgan moskvaliklar ikki hafta davomida o‘zini o‘zi ihotalashi (izolyatsiya) kerak. 

Sankt-Peterburgdagi Mechnikov nomidagi davlat shimoli-g‘arbiy tibbiyot universitetining 700 nafardan ortiq talabasi karantinga olingan. Bunga italiyalik talabada koronavirus kuzatilgani sabab bo‘lgan.

Moskva sog‘liqni saqlash departamentining ogohlantirishicha, karantin bo‘yicha qoidalar buzilishi oqibatida bemor vafot etsa, qoidabuzarga 5 yilgacha qamoq jazosi tahdid soladi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirus jahonning 103 mamlakatiga tarqaldi - virusdan zararlanganlarning jami soni 107 802 nafarni, virus qurbonlari soni 3661 nafarni tashkil etmoqda. Shuningdek, 60 924 nafar bemor sog‘ayib ketgan. Ayni vaqtda virus yuqtirganlarning 37 176 nafarining ahvoli barqaror, 6041 nafari og‘ir ahvolda. 

Xitoyda virus keltirib chiqaradigan zotiljamdan 3098 kishi, Italiyada 233, Eronda – 194, Janubiy Koreyada – 50, AQShda – 19, Ispaniyada – 17, Fransiyada – 16, Yaponiyada – 13 («Daymon Prinsess» kemasidagilar bilan birga), Iroqda – 4, Avstraliyada – 3, Niderlandiyada – 3, Britaniya, Hongkong va Shveytsariyada – 2 nafardan, Tailand, Tayvan, Filippin, San-Marino va Argentinada bir kishidan vafot etgan.

Virusga chalinganlar soni Xitoyda – 80 703 nafarni, Janubiy Koreyada – 7313, Eronda – 6566, Italiyada – 5883, Yaponiyada – 1198 («Daymon Prinsess» kemasidagilar bilan birga), Germaniyada – 951, Fransiyada – 949, Ispaniyada – 613, AQShda – 447, Shveytsariyada – 337, Britaniyada – 273, Niderlandiyada – 265, Shvetsiyada – 203, Belgiyada – 200, Norvegiyada – 159, Singapurda – 150, Hongkongda – 110, Avstriyada 104 nafarni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, yana o‘nlab davlatlarda 100tagacha bo‘lgan kasallanish holatlari qayd etilgan. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda virus aniqlanmaganini ta'kidlashda davom etmoqda. Shu bilan birgalikda, vazirlik fuqarolarni virusdan himoyalanishga chorlovchi SMS’lar yubormoqda.

Yakunlanayotgan haftaning yana bir muhim yangiligi paxtaga davlat buyurtmasi bekor qilinishi bo‘ldi

Prezidentning «Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

  • Birinchidan, 2020 yil hosilidan boshlab davlat tomonidan paxta xomashyosi ishlab chiqarish va sotish rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinadi, paxta xomashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi, paxta xomashyosi yetishtiruvchilarga rayonlashtirilgan navlarni erkin tanlash huquqi beriladi, sertifikatlangan urug‘lik yetkazib berish tizimi saqlab qolinadi.
  • Ikkinchidan, paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilmagan hududlarda paxta tozalash korxonalari ishtirokida fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyasi tashkil etiladi.
  • Uchinchidan, paxta xomashyosi yetishtirish va qayta ishlashni kreditlashning yangi mexanizmi joriy etiladi.
  • To‘rtinchidan, «O‘zpaxtasanoat» AJni tugatish choralari ko‘riladi.
  • Beshinchidan, jahon bozori narxlari tahlilidan kelib chiqib har yili 1 dekabrga qadar kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan (indikativ) narxlar e'lon qilinishini hamda bozorlardagi narxlar o‘zgarishidan kelib chiqib, har chorakda ushbu narxga tuzatishlar kiritish amaliyoti joriy etiladi;
  • Oltinchidan, paxta tolasi Respublika tovar-xomashyo birjasida boshlang‘ich birja narxida erkin sotiladi, bunda birjada boshlang‘ich narx shakllanishida 10 % chegirma qo‘yish bekor qilinadi.

Telegramdagi bakiroo kanali muallifi avvaliga bu qarorni «AQShda qullikning bekor qilingani»ga tenglashtirdi. Keyin fermerlar hokimlardan qutilgan bo‘lsada, endi klasterlarga qaram bo‘lishi ehtimoli kuchayganini ta'kidladi.

«Qarorni to‘liq o‘qib chiqqach, fermerlarning davlatga va klasterlarga qaramligiga barham berilishi borasidagi ta'kidga hali ertaligini tushundik. Fermerning yo klasterga yoki klasterlar mavjud bo‘lmagan hududlarda tashkil etiladigan kooperatsiyalarga bog‘langanligi saqlanib qoladi»

Biometrik pasport o‘rniga ID-karta

2021 yilning 1 yanvaridan boshlab yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga biometrik pasport o‘rniga 10 yil muddatga hujjat egasining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat sifatida identifikatsiya ID-kartasi beriladi.

ID-kartalar faqat O‘zbekiston hududida amal qiladi. Chet elga chiqish uchun O‘zbekiston fuqarosining chet elga chiqish uchun biometrik pasporti («zagranpasport») beriladi. 2030 yil 1 yanvardan boshlab 2011 yildagi O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasportlari haqiqiy emas deb hisoblanadi. 

Mavzuga oid