Tasavvur qiling, butun boshli mahallada toza ichimlik suvi yo‘q, elektr energiyasi uchun aholining o‘zi qo‘lbola simyog‘ochlar orqali sim tortib olgan. Oxiriga yetkazilmay qolgan yo‘llar juda xarob. Tabiiy gaz-ku, eski dard... Bular Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi «Nasriddinobod» mahallasidagilarning bugungi muammolari.



Kun.uz tahririyatiga «Nasriddinobod» mahallasining Nasriddinobod va Bog‘ituron ko‘chasida yashovchi aholi vakillaridan murojaat kelib tushdi.

Mahalla guzari oldida yig‘ilgan nasriddinobodliklar muammolarni birma-bir ayta boshlashdi.

«Bu yerga 1992 yilda ko‘chib chiqqanmiz. 2016 yilda elektr tarmoqlari asosiy ko‘chaga yuqori kuchlanishli liniya tortdi. Ko‘chamiz uchun 6 dona eski simyog‘och so‘ragan edik, berishmadi. O‘shandan beri o‘zimiz qo‘lbola simyog‘ochlar yasab, o‘rnatib foydalanib kelyapmiz.
Har oyda MIB xodimlari iste'mol qilingan elektr uchun pulni yig‘ishga kelishadi. 50 ming so‘m qarz bo‘lsak, uzib ketishni bilishadi, lekin muammoni hal qilishga kelganida birovning ishi yo‘q. Bir necha bor tuman hokimligi, viloyat va tuman elektr tarmoqlari korxonalariga murojaat qildik. Har safar o‘sha gap: «Dasturga kiritish taklifi berildi yoki dasturga kiritilyapti. Rejalashtiryapmiz», deyishadi. Harakatlarimiz 10 yildan beri hech natija bermayapti», deydi Nasriddinobod ko‘chasida yashovchi Arifjon Jumanov.


Asli haydovchi bo‘lgan, lekin qo‘lidan kelgani uchun montyorlik ham qilib, mahalla ahli koriga yarab kelayotgan Muhammadali Qodirov simyog‘ochlarning holatidan shikoyat qildi.
«Kasbim haydovchilik. Lekin, elektr bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarga yoshligimdan qiziqaman. Mahalladoshlarim kechasimi, kunduzimi, elektr bo‘yicha qanaqa yumushni iltimos qilsa, qo‘limdan kelganicha yordam beraman. Barcha asbob-anjomlarim, «stolba»ga chiqishda oyoqqa taqiladigan «tirnoq»larim ham bor. Kimnikidadir tok o‘chib qoladi, kimnikidadir sim uzilib ketadi. Kimningdir uyida keksalar, kasali yoki chaqalog‘i bor. Borib to‘g‘rilab, yoqib berishga harakat qilaman. Kuchli shamolda sim uzilib ketadi. Qo‘lbola simyog‘ochlarga «tirnoq» bilan chiqish qiyin, shu bois narvonda chiqib bo‘lsa ham ulab beraman.































