9 mart kuni dunyo bozorlarida qulash yuz berdi. Birjalarda savdo ochilishi bilan neftning narxi 30 foizga tushib ketdi. Rossiya rubli esa 10 foizga qadrsizlandi. Amerika birjalaridagi savdo 7 foizga pasaygach, zudlik bilan savdo to‘xtatildi.
Neft narxi va rubl kursining qulashi Markaziy Osiyo davlatlariga ham ta'sir qildi. Bir oy oldin dollar 376 Qozog‘iston tengesiga teng edi. Endi esa uning qiymati 400 tengega ko‘tarildi. Qirg‘iziston va O‘zbekiston so‘mi nisbatan barqaror bo‘lib turibdi. Ammo ekspertlar bu valutalarning xuddi 2015 yilda yuz bergan global moliyaviy inqiroz paytidagi kabi pastga qulashidan xavotir olishmoqda.
Rossiya rublining qulashi va neft narxining pasayishi Markaziy Osiyo davlatlari valutasiga qanday ta'sir qiladi? «Nastoyashcheye Vremya» nashri bu haqda FBK Grant Thornton kompaniyasining strategik tahlil instituti direktori Igor Nikolayevdan so‘radi.
— Nega rubl quladi va bunday tendensiya qachongacha kuzatiladi?
— Rossiya iqtisodiyoti xomashyoga asoslangan, demak, rublning kursi ham neft narxiga bog‘liq. Shu tufayli, neft narxi pasaysa, rubl ham qulaydi. Afsuski, bu yerdagi bog‘liqlik juda mustahkam. Neft arzonlashganda, rubl ham qadrsizlandi.
— Qozog‘istonda tenge qadrsizlandi, valuta ayriboshlash shohobchalarida dollar tugadi. Ammo Qirg‘izistonda so‘m barqaror turibdi. Rossiya rublining qulashi va neft narxining pasayishi Markaziy Osiyo davlatlariga (Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston) qanday ta'sir qiladi?
— Tengening qulashi Rossiyadagi vaziyatga emas, balki neft narxiga bog‘liq. Chunki Qozog‘iston iqtisodiyoti ham xomashyoga asoslangan, u yerda neft ko‘p qazib olinadi. Shu tufayli, neft narxi pasaysa, tenge ham qulaydi.
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari valutasi neft narxiga nisbatan kamroq bog‘langan. Bu bozorlarda yuz berayotgan voqealar shuni ko‘rsatmoqda. Ammo bu davlatlarning bozorlari va valutalari qulamaydi, hukumatlari xotirjam bo‘lishi mumkin degani emas. Chunki dunyo bozorlari qulagan davrlarda rivojlanayotgan iqtisodiyotlar va ularning valutalari ham zarba ostida bo‘ladi.
Hamma narsa qulayotgan paytda investorlar xatarli valutalar va aktivlardan voz kechish payiga tushadilar. Shuning uchun ham bunday bosimni xomashyo valutalari – rubl va tenge o‘zida ko‘proq his qiladi. Ammo Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiyoti Qozog‘iston va Rossiyaniki bilan chambarchas bog‘liq ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, ular ham zarbaga uchraydi. Shu tufayli, bu davlatlar valutalarining kelajakda kuchsizlanishi – katta ehtimol bilan yuz beradigan voqea.















