AQShda goʻsh narxi bilan bogʻliq mojaro avj oldi. Prezident Tramp goʻsht importi uchun 25 foizlik bojlarni vaqtincha bekor qildi. Bu qaror chiqarilishidan bir kun oldin Oq uyda dunyoda eng koʻp goʻsht ishlab chiqaradigan braziliyalik milliarder mehmon boʻlgan. Xuddi shu milliarderga tegishli tovuq fabrikasi Trampning inauguratsiyasi uchun eng koʻp – 5 million dollar pul xayriya qilgan.
Mojaroli milliarder
WSJ'ning yozishicha, 20-avgust kuni Oq uyda Donald Tramp va braziliyalik milliarder Joesli Batista oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtgan. Batista oddiy milliarder emas, unga tegishli JBS kompaniyasi dunyoda eng koʻp goʻsh yetishtiradigan korxona hisoblanadi. JBS qisqartmasi korxona asoschisi Joze Batista Sobrinio ism-familiyasining qisqartmasini bildiradi.
Hozir gigant korxonani uning milliarder oʻgʻillari yuritadi. Kompaniyaning butun dunyoda 500 dan ortiq zavodi bor. Ularda har kuni 14 million bosh parranda, 100 ming bosh qoramol goʻshti tayyorlanadi. Amerikaga eng koʻp goʻsht olib kiradigan ham shular. Mamlakatda goʻsht narxi rekord darajada oshib ketgani fonida Batista Tramp bilan koʻrishib, unga mol goʻshti uchun 26 foizlik bojni bekor qilish taklifini bildirgan. Uchrashuvning ertasiga Tramp 300 ming tonna qiyma goʻsht tayyorlashda ishlatiladigan mol goʻshti uchun bojlarni 90 kunga bekor qildirdi.
Bir qarashda hammasi oddiy, dunyoda eng koʻp goʻsht yetishtiradigan kompaniya direktori dunyodagi eng boy davlat rahbariga narxni tushirish boʻyicha oʻz taklifini bildirishida muammo yoʻqdek. Biroq bu masalaning nozik siyosiy jihatlari bor. Xuddi shu Batistikaga tegishli boʻlgan AQShdagi Piligrim’s Pride tovuq fabrikasi Trampning inauguratsiya marosimi uchun hammadan koʻp – 5 million dollar xayriya qilgan.
Qizigʻi, aka-uka Joesli va Uesli Batista 2020-yil AQShda javobgarlikka tortilib, Amerika adliya vazirligiga 256 million dollar jarima toʻlagan. Aka-uka milliarderlar Braziliyada mulozimlarga pora berishda ayblangan.
Amerikalik chorvadorlar Trampning bu qaroridan norozi boʻlyapti. WSJ hozir mamlakatda qoramol oxirgi 70 yil ichida rekord darajada kamayib ketgani, rancholar bundan qattiq qiynalayotganiga eʼtibor qaratgan. Chetdan arzon goʻsht kirib kelishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qiyin holatga tushirib qoʻyadi.
Montana fermerlar kengashi prezidenti Uolter Shveysarning aytishicha, 300 ming tonna aslida juda kam miqdor va bu chora kelajakdagi narx-navoga taʼsir qilishi qiyin: «300 ming tonna mol goʻshti juda koʻpdek eshitilishi mumkin, lekin bu aslida AQShdagi yillik ehtiyojning atigi 2 foizi degani. Bu chora koʻproq ruhiy jihatdan taʼsir qiladi. Qaytaga ishlab chiqaruvchilar bunday arzonlashtirish chorasidan foydalanib, chorvadorlar uchun eng muhim savdo-sotiq davri boʻlmish kuzda koʻproq buzoqlarni arzonroqqa sotib olishga urinadi».














