Saudiya Arabistonidagi muhim «Sharq-Gʻarb» neft quvurining ishdan chiqishi jahon neft bozoriga sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkin. Reuters neft bozoridagi xabardor manbalarga tayanib xabar berishicha, agar Ar-Riyod yaqin kunlarda quvur orqali neft uzatishni tiklamasa, mamlakat eksport uchun zarur neft zaxiralari tanqisligiga duch keladi.

Manbalar hisob-kitobiga koʻra, bu holat jahon bozoriga neft yetkazib berish hajmining 4 foizga kamayishiga olib kelishi mumkin.

Saudiya Arabistoni rasmiylari hozircha dronlar hujumidan keyin neft quvuriga yetkazilgan zararning toʻliq koʻlami va neft uzatish qachon qayta tiklanishi haqida batafsil maʼlumot bermagan.

«Sharq-Gʻarb» neft quvuri faoliyati 11-sentabr kuni toʻxtatilgan edi. Mamlakat Energetika vazirligi bu qaror Iroq hududidan Ar-Riyod va Madina viloyatlariga dronlar bilan zarbalar berilganidan keyin «ehtiyot chorasi» sifatida qabul qilinganini maʼlum qilgan.

Reuters suhbatlashgan manbalardan biri quvurni taʼmirlash ishlari besh-olti haftaga choʻzilishi mumkinligini aytgan. Boshqa bir manba esa taʼmirlash ishlarini tezroq yakunlash va hatto ishlar toʻliq tugamasidan oldin neft uzatishni qisman tiklash mumkinligini bildirgan.

Uzunligi 1200 kilometr boʻlgan «Sharq-Gʻarb» quvuri Saudiya Arabistoni sharqidagi asosiy neft konlarini Qizil dengiz sohilidagi Yanbu porti bilan bogʻlaydi. Ushbu yoʻnalish Ar-Riyodga Hoʻrmuz boʻgʻozidan foydalanmasdan kuniga millionlab barrel neftni eksport qilish imkonini beradi.

Hoʻrmuz boʻgʻozida harakat cheklangani fonida Saudiya Arabistoni mazkur neft quvuridan foydalanishni sezilarli darajada oshirgan. Xalqaro energetika agentligi hisob-kitobiga koʻra, iyun oyiga kelib ushbu yoʻnalish orqali neft eksporti kuniga qariyb 8 mln barrelga yetgan.

Biroq soʻnggi haftalarda Qizil dengizda Saudiya tankerlariga husiylar hujumlari ortidan ushbu yoʻnalish imkoniyatlari ham qisqargan. Avgust oyida Yanbu orqali kuniga taxminan 2,5 mln barrel neft eksport qilingan. Xalqaro energetika agentligiga koʻra, bu 2013-yildan buyon qayd etilgan eng past koʻrsatkichdir.

«Sharq-Gʻarb» neft quvuri aprel oyida ham hujumga uchragan, ammo oʻshanda Saudi Aramco uni qisqa vaqt ichida qayta ishga tushirgan edi.