2019/20 yilgi mavsumda ilk chorak finalchilar «Leypsig» va «Atalanta» bo‘ldi. Nemislar o‘tgan mavsum finalchisi, bu mavsumda Joze Mourino boshqaruvidagi «Tottenhem»ni yo‘ldan olishdi, italyanlarning «Valensiya»ga qarshi safar o‘yinida esa mehmonlar forvardi Yosip Ilichich pokerga erishdi.
Nagelsmann Mourinoni «yeb qo‘ydi»

Chempionlar ligasi. 1/8 final. Javob o‘yini
«RB Leypsig» (Germaniya) — «Tottenhem» (Angliya) — 3:0 (2:0)
Gollar: Zabitser, 10 (1:0). Zabitser, 21 (2:0). Forsberg, 87 (3:0).
«RB Leypsig»: Gulachi, Xalstenberg, Klostermann, Upamekano, Mukele (Adams, 55), Anxelino, Zabitser (Forsberg, 87), Laymer, Nkunku (Aydara, 59), Shik, Verner.
«Tottenhem» (London): Lloris, Alderveyreld, Ore (Uolkott, 90+1), Tanganga, Uinks, Dayyer, Alli, Lo Selso (Fernandesh, 80), Sessenon, Lamela, Lukas Moura.
Ogohlantirishlar: Sessenon, 34. Uinks, 45+2. Laymer, 50. Tanganga, 68. Alli, 70. Zabitser, 71.
Hakam: del Serro Grande (Ispaniya).
10 mart. Leypsig. «Red Bull Arena» stadioni.
Birinchi o‘yin — 1:0.
Seshanba kungi og‘ir va xavotirli xabarlardan keyin muxlislar chalg‘ib, futboldan zavqlanishni istashardi. «Leypsig» va «Tottenhem» o‘yini ular uchun ayni muddao edi. Bu to‘qnashuvda intriga zo‘r, ikki yorqin murabbiy - ikki avlodga mansub bo‘lgan mutaxassislar to‘qnashuvi, qolaversa, boshqa uchrashuvlardagidan farqli ravishda —tribunalar muxlislar bilan to‘lgan, ajoyib atmosfera hosil qilingandi. Barcha shiddatli bahsni kutayotgandi.
Ammo... Yo‘q, 45 ming nemis fanati hafsalani pir qilishmadi, ular o‘z darajasida muxlislik qilib, maydondagilarni olg‘a boshlab turishdi. «Leypsig» ham o‘z darajasida o‘yin ko‘rsatdi — Yulian Nagelsmann yigitlari yana bir marta qanchalik kuchli jamoa ekanini namoyish etib berishdi. Faqat «Tottenhem» ranjitdi. Londonliklar juda ilojsiz holatda ko‘rinishdi — himoyada muntazam xatolar, hujumda umidsiz harakatlar. Mourino jamoasida bu o‘yinda hech qanday imkon yo‘qligi dastlabki daqiqalardanoq ko‘rinib turardi.




















