“Har qanday tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish kerak. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda alohida soliq rejimlari amal qiladi. Oshpazni oladigan bo‘lsak, tayyorlagan taomini o‘tirib, stol-stul qo‘yib sotadigan joy, ya'ni oshxona bo‘lsa, u albatta yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, faoliyatini amalga oshirishi kerak.
Agar iste'molchilar uchun o‘tirib ovqatlanishga sharoit qilmasdan tikka turgan holda, masalan, somsaxona bor, balki oshni ham shunday qilish mumkindir. U holda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, faoliyatini yuritishi mumkin.
Foyda olishni maqsad qilib, faoliyat yurityapti, tadbirkor sifatida [davlat ro‘yxatidan] o‘tishi kerak. Boshqa holatlarda uyida oshpazlik qilsa, unga soliq solinmaydi”, - deya Fazliddin Umarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
U maklerlarning soliqqa tortilishiga ham izoh berdi.
“Makler kim? Uyni olib sotadi, yoki oluvchi va xaridorning o‘rtasida vositachi bo‘ladi. Har ikki holatda ham bu tadbirkorlik faoliyati hisoblanadi va u albatta davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi kerak. Davlat ro‘yxatidan o‘tmasa, bu noqonuniy tadbirkorlik faoliyati hisoblanadi”, - dedi Fazliddin Umarov.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro press-klub bosh prodyuseri G‘ulom Samadov 4 mart kuni bo‘lib o‘tgan sessiyada oshpaz, taksichi va maklerlar davlat bergan hamma imtiyozlar – bepul ta'lim, tibbiy xizmatdan foydalansa-da, daromadidan soliq to‘lamasligini ta'kidlab, bu borada jamoatchilik nazoratidan foydalangan holda ularni qanday qilib soliqqa tortish mumkinligi bilan qiziqqandi.











