O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 mart kuni mamlakatimizda jamoat salomatligini ta'minlash tizimi samaradorligini oshirish muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda mamlakat sog‘liqni saqlash tizimida kasalliklarning oldini olishdan ko‘ra ularni davolashga ko‘proq e'tibor qaratilishi ta'kidlangan.
«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tahliliga ko‘ra, inson salomatligiga ta'sir etuvchi omillar orasida tibbiy ta'minot 10 foizni, irsiy omillar 15 foizni, atrof-muhitning holati 20 foizni tashkil etadi. Eng muhimi, insonning turmush tarzi (jismoniy faollik, ovqatlanish, zararli odatlar) uning salomatligiga 55 foizgacha ta'sir ko‘rsatar ekan.
Shu sababdan, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasiga ilg‘or xorijiy tajriba asosida aholi salomatligini yaxshilash, odamlarimizni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Aholi salomatligi profilaktikasi avvalo qishloqlardan boshlanishi va bunga javob beradigan yaxlit tizim bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Masalan, suvning ifloslanishi buyrak, oshqozon-ichak xastaliklariga, atmosferadagi radiatsiya, oziq-ovqat mahsulotlarida kimyoviy vositalarning ko‘pligi onkologik, noto‘g‘ri turmush tarzi qon-tomir, yurak, endokrin, asab kasalliklarga sabab bo‘lmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Bu masalalarni chuqur tahlil qilib, aniq dasturlar asosida joylarda manzilli ish tashkil etish vazifasi qo‘yilgan.
«Hozirda jahon bo‘ylab koronavirus infeksiyasining (COVID-19) tarqalishi yurtimiz aholisini ham ma'lum ma'noda xavotirga solmoqda. Dunyoda jamoat salomatligi tizimini, go‘yoki, sinovdan o‘tkazayotgan ushbu xastalikning O‘zbekistonga kirib kelmasligini ta'minlash avvalo mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimi, profilaktika ishlarini yanada yuqori darajaga ko‘tarishni taqozo etadi», dedi davlatimiz rahbari.
Shu munosabat bilan, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga bu borada ko‘rilayotgan karantin va profilaktika choralari bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berilgan.

















