Boshqa bir videotasvirda esa fuqaro Farhod Boirovning uyi, u o‘zi uyda bo‘lmagan vaqtda buzilib, uning qurilish materiallaridan iborat mulki uy egasi ishtirokisiz sotib yuborilganini ko‘rish mumkin...

Masalani Jizzax shahriga borib o‘rganganimizda, fuqarolar shahar markazidagi bir nechta xonadon buzilishi bilan bog‘liq mazkur voqealar 2018 yil sodir bo‘lganini aytishdi. Hozirda buzilgan bu uy-joylar o‘rnida xususiy tadbirkor tomonidan qurilgan ko‘p qavatli uylar qad ko‘tarib turibdi.

Faoliyatimiz davomida tadbirkordan «snos» pulini ololmayotgan uy-joy egalarining manfaatini ko‘zlab, boshqa shaharlardagi mahalliy hokimlik fuqarolar nomidan sudga murojaat etish holatlariga ham guvoh bo‘lganmiz. Chunki qoida bo‘yicha tadbirkor fuqarolar bilan kelishib, ularning uy-joy va yerlarini sotib olib, so‘ngra qurilishga kirishishi kerak. Agar kelishuvning qaysidir qismi bajarilmay qolsa, aholi e'tirozlari asosida, ularning manfaatlarini ko‘zlab hokimlik sudga murojaat qiladi.

Murojaatlarda e'tiborni tortgan jihat shuki, Jizzaxda tadbirkor «dom» qurishi uchun bu yerlarni bo‘shatib berish bilan boshdan oxirigacha shahar hokimligi shug‘ullanganidan aholi norozi bo‘lmoqda. Ya'ni, fuqarolar bilan qayta-qayta sudlashib, ularni majburan ko‘chirishga erishgan qarshi tomon — Jizzax shahar hokimligi bo‘lgan!

«So‘nggi bir yilda davlat tomonidan «snos» masalasiga jiddiy e'tibor qaratilib, huquqlari buzilgan fuqarolar masalasi qayta ko‘rib chiqilayotgani bois, umid bilan sizlarga murojaat qilyapmiz.

Jizzax shahrining Navoiy ko‘chasidagi hovli-joylari tortib olingan bir necha xonadon haligacha uy-joysiz qolmoqda, axir. Albatta, biz ham qarab turolmas edik, qator idoralarga murojaat qildik, sudga berdik. Ammo hamon sarsonmiz.

To‘g‘ri, biz oddiy fuqarolarmiz, ammo shahar hokimligining uylarimizni o‘zi narxlatib, o‘zi istagan arzimagan pul bilan tortib olishga haqli emasligini yaxshi bilamiz, buni qolganlar ham bilishini istaymiz...» — deyishmoqda Navoiy ko‘chasidagi xususiy turar joylaridan ajralgan fuqarolar.

Ma'lum bo‘lishicha, Navoiy ko‘chasidagi uylar Jizzax shahar hokimining 2014 yil 20 fevraldagi qaroriga asosan shu ko‘chada ko‘p qavatli turar joy binolari qurilishi munosabati bilan buzilishga tushgan.