Putinning beshinchi va oltinchi muddatga saylanishiga imkon berishi mumkin bo‘lgan tuzatish ko‘plab tortishuvlarga, tanqidlarga va memlarga sabab bo‘ldi. «Birinchi kanal», VGTRK (Butunrossiya davlat teleradiokompaniyasi) va NTVdagi siyosiy shoularda yangi o‘zgartirishlarni «barqarorlik» bilan oqlashdi, qonunda «Xudo va an'anaviy oila» tilga olinishidan xursand bo‘lishdi hamda amaldagi Konstitutsiyani «sharmandali» deb atashdi. TJ «60 minut», «Vremya pokajyet» va «Mesto vstrechi» ko‘rsatuvlarida yangi Konstitutsiya qanday muhokama qilinganligini bayon qildi.
Shouning deyarli barcha ishtirokchilari muddatni «boshidan hisoblash»ni qo‘llab-quvvatladi, bu Rossiyaga barqarorlik kerakligi bilan izohlandi
«Birinchi kanal», VGTRK va NTV siyosiy dasturlarida Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlarga qarshi chiqadigan ekspertlar deyarli yo‘q edi. Barcha ko‘rsatuvlarning boshlovchilari o‘zgartirishlarni qabul qilish yoki qabul qilmaslikni faqat xalq ovoz berish yo‘li bilan hal qilishiga e'tibor qaratdilar.
Siyosatshunos Oleg Matveychev «Birinchi kanal» efirida «barcha so‘rovlarga ko‘ra» Rossiya xalqi Putinni umrbod prezident sifatida ko‘rishni istayotganini aytdi. Biroq u qanday so‘rovlar nazarda tutilganiga aniqlik kiritmadi. «Putin 2024 yilda prezident bo‘lishi uchun birgina imkoniyat bor, biz bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermasligimiz kerak», deya qo‘shimcha qildi u.
Dastur ishtirokchilarining aksariyati hozirgi siyosiy vaziyatda Rossiyaga eng avvalo barqarorlik kerakligi haqida fikrlar bildirishdi. Davlat dumasi vakili Konstantin Zatulinning fikricha, Rossiyada Putindek tajribali va iste'dodli yetakchi yo‘q. Zatulin barqarorlikni ta'minlash uchun faqat didga qarab «kimlarnidir tarqatib yuborish» orqali muammo keltirib chiqarmaslik kerakligini qo‘shimcha qildi.
Yurist Vitaliy Serukanovning aytishicha, Putin hech qachon aytgan so‘zidan qaytmaydi, shuning uchun u 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashmaydi. Serukanovning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlik muddatini «boshidan hisoblash» taklifi faqat Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarga ovoz berishga e'tiborni jalb etish uchun aytilgan bo‘lishi mumkin.
Siyosatshunos Dmitriy Abzalov «Birinchi kanal» va VGTRK efirida Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar ommaviy ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgani va «sahna ortida» qabul qilinmaganini ta'kidladi.
















