Putin Svyatogorsk olinganini aytgandi, ammo ukrain generali shahar markazidan videomurojaat yoʻlladi
|20:335 8939 min
Ukrainaning Liman atrofidagi yurishi haqida nimalar maʼlum?
Svyatogorsk mudofaasi uchun masʼul boʻlgan 60-mexanizatsiyalashgan brigadasi jangchilari. Foto: facebook.com/ab3.armySvyatogorsk mudofaasi uchun masʼul boʻlgan 60-mexanizatsiyalashgan brigadasi jangchilari. Foto: facebook.com/ab3.army
Ukraina qurolli kuchlari Uchinchi armiya korpusi qoʻmondoni, general Andrey Biletskiy 7-sentabr kuni Donetsk oblastining Svyatogorsk shahri markazidan video eʼlon qildi – avvalroq Rossiya mudofaa vazirligi va shaxsan Vladimir Putinning oʻzi ushbu shahar egallanganini eʼlon qilgandi. Bundan tashqari, OSINT-tahlilchilar maʼlumotiga koʻra, ukrain armiyasi Liman yoʻnalishida qarshi hujum amaliyotini davom ettirmoqda va katta ehtimol bilan, sezilarli yutuqlarga erishgan. BBC Ukraina xizmati bu «maxfiy amaliyot hamon davom etayotgani»ni qayd etgan.
Svyatogorsk shahri egallangani haqida Vladimir Putin 1-sentabr kuni maʼlum qilgandi. Ushbu shahar Limandan 15 km shimoli-gʻarbda joylashgan, uning atrofida pravoslav xristianlar uchun muqaddas sanalgan Avliyo-Uspenskaya Lavri ham bor.
Keyingi kuni esa Rossiya mudofaa vazirligi ham ushbu shahar egallangani haqida xabar tarqatdi. Shu bilan birga, buning uchun hech qanday dalil keltirilmadi.
Oʻshandayoq bu bayonotlar toʻgʻriligiga rossiyalik Z-blogerlarning oʻzida ham shubha bildirilgandi. Gap shundaki, ushbu aholi yashash manzili oʻsha vaqtdagi front chizigʻidan taxminan 10–12 km masofada joylashgan va rossiyalik shturmchilarning ushbu shahar yoʻnalishidagi muvaffaqiyatli kirib borgani haqida hech qanday maʼlumot chiqmagandi.
Rossiya harbiy qoʻmondonligi bayonotidan bir kun oʻtib bir qator ukrain jurnalistlari Svyatogorskni aylanib chiqishdi va u yerdan rossiyaliklarni topa olishmadi.
7-sentabr kuni frontning mazkur uchastkasi uchun masʼul sanalgan Uchinchi armiya korpusi general Andrey Biletskiyning videosini eʼlon qildi, unda general Svyatogorskni va Avliyo-Uspenskaya Lavrasi atrofini emin erkin, hatto kaska kiymagan holda aylanib yurganini koʻrish mumkin edi. Videoda shahar boʻylab fuqarolik avtomobillari harakatlanayotgani, aholi yashash markazi toʻligʻicha ukrain armiyasi nazoratida ekani koʻrsatilgan.
Bundan tashqari, Uchinchi armiya korpusi qoʻmondoni Svyatogorskni «frontortidagi shahar» deb atagan.
General Andrey Biletskiy Svyatogorsk lavrasi fonida bu «front ortidagi shahar» ekanini aytgan. Video 7-sentabr kuni eʼlon qilingan
«Svyatogorskda hech qachon rus askarlari boʻlmagan deb boʻlmaydi [2022-yilda ushbu shahar bir necha oy mobaynida Rossiya armiyasi tomonidan ishgʻol etilgandi], ammo bu yerda, umuman olganda, hech qanday muammosiz sayr qilish mumkin, garchi zirhli nimcha kiygan maʼqul… Bu korpusimizning frontorti hududi, bu yerda barchasi ajoyib», – degan u.
Mavzuga oid
Rossiya-Ukraina urushi mezonlari boʻyicha «frontorti zonasi» formulirovkasi ushbu aholi yashash manzili front chizigʻidan kamida 20–30 km uzoqlikdaligini anglatadi.
Ukraina, Rossiya hamda gʻarbdagi OSINT-tahlilchilarning keyingi xabarlari ukrain armiyasi dushmanni nafaqat Svyatogorskdan uloqtirib tashlagani, balki undan Liman rayonidagi kattagina hududni ham tortib olganidan guvohlik berdi.
Rossiya platsdarmi yoʻq qilingan
BBC Ukraina xizmatining Ukraina harbiy-siyosiy idoralaridagi xabardor manbasi Liman atrofidagi yurish amaliyoti faktini tasdiqlagan, ammo «bu amaliyot hali davom etayotgani»ni qayd etgan. Shunga koʻra ushbu amaliyot boʻyicha hozircha rasmiy tafsilotlar yoʻq.
Uchinchi armiya korpusi matbuot xizmati «xavfsizlik nuqtayi nazaridan» bu masala yuzasidan izoh bera olmasligini bildirgan.
Oʻz navbatida, xorijdagi qator OSINT-tahlilchilar esa ukrain harbiylari frontning bu uchastkasida allaqachon muvaffaqiyatga erishgani va yuzlab kilometr kvadrat hududlarni ozod etib, Rossiya armiyasining Limandan shimoli-gʻarbda tashkil etgan platsdarmini uzib qoʻyganini xabar qildi.
Gap Rossiya armiyasi 2025-yil yozi va kuzida Cherniy Jerebets daryosining oʻng sohilida egallab olgan hudud haqida ketmoqda.
Oʻshanda rossiyalik harbiylar suv toʻsigʻini kechib oʻtishga va Ukraina hududi boʻylab Svyatogorsk yoʻnalishida 17–20 km masofada ilgarilashga muvaffaq boʻlgandi. Ular Nitrius daryosidan ham kechib oʻtgan va joriy yil martida Rossiya mudofaa vazirligi Svyatogorskaya lavradan atigi 5 km masofada joylashgan Yarovaya posyolkasi egallanganini eʼlon qilgandi.
Rossiya armiyasining yanada olgʻa yurishi Liman qulashiga olib kelishi mumkin edi (shahar logistik yoʻnalishlardan uzib qoʻyilgandi), buning ortidan janubroqdagi Slovyansk-Kramatorsk aglomeratsiyasida vaziyat ogʻirlashishi ehtimoli paydo boʻlgandi.
Fransuz OSINT-tahlilchisi Kleman Molenga koʻra, Ukraina mudofaa kuchlari may oyi oxirida Liman atrofida qarshi hujumga oʻtgan va bu qariyb toʻrt yarim oy mobaynida toʻliq maxfiy rejimda olib borilgan.
Ekspertning qayd etishicha, tomonlar ushbu joylarning lokatsiyasi koʻrsatilgan kontentlarni deyarli eʼlon qilmagan. Biroq u Rossiya aviabombalari aynan qayerlarga tushganini tahlil qilgan. Bu unga koʻrsatilgan hududni kim nazorat qilayotgani haqida xulosa chiqarish imkonini berardi.
Molenning taʼkidlashicha, iyun-iyul oylaridayoq Ukraina qurolli kuchlari ushbu yoʻnalishda qator qishloqlarni ozod etishga muvaffaq boʻlgandi, ammo bu maʼlumot maxfiylashtirilgandi. Undagi maʼlumotlarga koʻra, hozirda ukrain armiyasi rossiyalik harbiylarni Jerebets daryosi ortiga chekintirgan va daryoning bu tomonidagi platsdarmni butkul bartaraf etgan.
Amerika Urushlarni oʻrganish instituti (ISW) 7-sentabr kungi hisobotida «ukrainlarning Liman atrofidagi qarshi hujumlari faktini tobora koʻproq tan olayotgan» rossiyalik harbiy blogerlarga havola bergan.
«ISW xaritalash metodologiyasi Ukrainaning Liman yoʻnalishidagi joriy qarshi hujumlardagi ehtimoliy muvaffaqiyatlari koʻlamini yetarlicha baholamaydi va qoʻshimcha maʼlumotlar yigʻilishi 2026-yil kuzida Ukrainaning Liman yoʻnalishidagi gʻalabalarining toʻliq koʻlamini koʻrsatishi mumkin», – deyiladi hisobotda.
Ukrainalik harbiy tahlilchi Mixaylo Jiroxov BBC Ukraina xizmatiga uning Ukraina qurolli kuchlari harbiylari orasidagi manbalari Rossiyaning Liman yaqinidagi platsdarmi muvaffaqiyatli yoʻq qilingani haqidagi maʼlumotni tasdiqlaganini aytgan.
Liman chekkasidagi vayron boʻlgan koʻprik. Urush boshida Rossiya ushbu shaharni egallab olgan, 2022-yil sentabriga kelib Ukraina qurolli kuchlari rossiyalik harbiylarni ushbu shahardan siqib chiqargandi
«Menga bu haqiqatan ham shunday ekanini juda ehtiyotkorlik bilan tasdiqlashdi, Rossiya boʻrtigʻini kesib tashlashga muvaffaq boʻlingan», – deydi u.
Tahlilchi shunday izohlaydi: «Gap shundaki, Rossiyaning bu boʻrtiq hududi „kesib qoʻyildi“. Rossiyaliklar ancha chuqur kirib ketgandi, qanotlar esa himoyalanmagan, kerakli kuch va vositalar yoʻq edi. Ukraina guruhi rossiyaliklarga tor yoʻnalishda ikki qarshi zarba berishga muvaffaq boʻldi. Bu ularning eng zaif nuqtasi edi».
Jiroxov Ukraina armiyasi bu yerda nafaqat zarbdor dronlar yordamida «kil-zona» yaratgani, balki koʻrsatilgan hududni dushmandan jismonan tozalaganini taʼkidlagan.
Uning soʻzlariga koʻra, Ukraina qurolli kuchlari hudud ichkarisiga yurishda davom etmaydi, balki rossiyaliklar qayta kechib oʻtishiga yoʻl qoʻymaslik uchun Chernaya Jerebets daryosi boʻyida mudofaani ushlaydi.
Bu Rossiya harbiylarining Limanni egallash va Slovyanskni himoya qilayotgan guruhning ortiga chiqish rejalarini barbod qilishi mumkin.
Rossiyadagilar nima demoqda?
Rossiyadagi rasmiy manbalar ukrainlarning Liman hududidagi qarshi hujumi haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirmayapti (Kreml shaharning sovetlar davridagi «Qizil Liman» nomidan foydalanadi).
Qolaversa, Rossiya mudofaa vazirligi bayonotlariga koʻra, avgust oyi oʻrtalarida Rossiya armiyasi «Limanni tozalash» ishlarini amalga oshirgan va Ukraina qurolli kuchlarining bu yoʻnalishdagi «logistikasini kesib qoʻygan».
Biroq rossiyalik Z-blogerlarning xabarlaridan butunlay boshqacha manzara namoyon boʻlmoqda. Ularning baʼzilari hatto chekinish yoki Rossiya guruhi qurshab olinishi haqida gapira boshlagan.
Xususan, yirik «Dva mayora» telegram-kanali (deyarli 1,2 million obunachisi bor) 8-sentabr kuni Liman yoʻnalishidagi vaziyat «murakkablashayotgani»ni maʼlum qilgan.
Ukraina kuchlari shimoliy yoʻnalishdan Redkodub va Karpovka qishloqlari yaqinida hujum qilgani, Chernaya Jerebets daryosining chap sohilida joylashgan Yampolevka va Zarechnoye qishloqlariga kirgani, shuningdek, Rossiya armiyasini Limanning janubi-sharqiy chekkalaridan surib chiqargani aytilmoqda.
Yana bir rossiyalik Z-bloger Yuriy Podolyak (qariyb 2,7 mln obunachisi bor) ham ukrain armiyasi Liman atrofida Rossiya logistika yoʻllarini kesib qoʻyish maqsadida «oldinga harakatlanayotgani» haqida yozgan.
«Ribar» telegram-kanali (1,5 mln obunachi) ushbu yoʻnalishda «vaziyat yomonlashayotganining yangi dalillari paydo boʻlayotgani»ni tan oladi.
Rossiya hukumati taʼsiridagi harbiy bloger Anatoliy Radov (36,5 ming obunachi) esa bu yerda Rossiya qoʻshini uchun vaziyat «ogʻirligi» va «kundan kunga yanada ogʻirlashayotgani»ni aytgan.
Ammo u Liman hududidagi «qoʻshinlarga chekinish boʻyicha buyruq berilgani» haqidagi xabarlarni rad etgan. «Yigitlar mudofaani ushlab turibdi», – deya yozadi u.
Shu bilan birga, aynan mudofaa aynan qayerda ushlab turilganiga aniqlik kiritmagan.