Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi bo‘yicha videobayonot berdi. U koronavirus aniqlangan fuqaro bilan kontaktda bo‘lganlar izolyatsiyaga olinishini ma'lum qilgan.

https://ok.ru/videoembed/1431997713087

«Respublikamizga 14 mart kuni xalqaro aeroportlar orqali 38ta reysda 4800 nafar, temir yo‘l orqali 1860 nafar, qolgan chegara bojxona postlari orqali 38 000 nafar kishi kirib kelgan. Ularning aksar qismi kasallik qayd etilgan Rossiya, Qozog‘iston va Yevropa davlatlaridan kirib kelishgan.

Chegaradan kirib kelish jarayonida ular birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tana harorati o‘lchangan.

Epidemik vaziyat noxush bo‘lgan davlatlarda bo‘lib qaytgan 7 781 nafar fuqarolar uy sharoitida tibbiy kuzatuvga olingan. Ulardan 5,6 ming nafarida kasallikni yashirin davri yakunlangani uchun tibbiy kuzatuvdan olingan. Bugungi kunda 2 100 nafar fuqarolar salomatligi ustidan tibbiy kuzatuv davom etmoqda.

15 mart kuni soat 06.00 da Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiya Respublikasida bo‘lib qaytgan 1 nafar O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlandi.

Hozirda epidemiologik surishtiruv hamda kasallikning tarqalib ketmasligi uchun profilaktik chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilmoqda.

Mavjud vaziyat bo‘yicha xavotirga o‘rin yo‘q. Ushbu bemor bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar, u bilan birga Fransiyadan uchib kelgan yo‘lovchilarning to‘liq ro‘yxati tuzilgan, ularning yashash joylarini aniqlash va ular ustidan tibbiy kuzatuv o‘rnatish ishlari olib borilmoqda, epidemiyaga qarshi barcha tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu xabardan keyin aholi o‘rtasida vahima uyg‘onishi kerak emas. 80 foiz holatlarda kasallik yengil o‘tmoqda, 15 foiz holatlarda o‘rta darajada, faqat 5 foiz holatlarda og‘ir holat. Kasallik og‘ir o‘tishi holatlari surunkali kasalligi bor yoshi katta odamlarda kuzatilmoqda.

Ko‘ryapmizki, kasallanganlarning 50 foizdan ortig‘i butunlay sog‘ayib, normal holatga qaytgan. Shuning uchun, xalqimizdan so‘rardikki, vahimaga tushmasdan, shaxsiy gigiyena qoidalariga jiddiy rioya etishlarini, xonadonlarini ozoda saqlash, jamoat transportidan foydalangandan keyin doim qo‘llarni sovunlab yurish, zararsizlantiruvchi vositalarni qo‘llash tavsiya etiladi», degan u.