16:00 / 16.03.2020
60678

O‘zbekistonda juma namozlari vaqtincha o‘qilmaydi - Usmonxon Alimov musulmonlarga murojaat qildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Usmonxon Alimov «O‘zbekiston 24» telekanali efirida diniy marosimlarni o‘tkazish tartibi haqida bayonot berdi.

U O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi koronavirus tarqalishining oldini olish yuzasidan yurtimizdagi musulmonlarga murojaat va chaqirig‘ini o‘qib eshittirdi.

«Mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozini o‘qisinlar. Shuningdek, besh vaqt namozlarni ham uyda ado etsinlar.

Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida xonadonlarda o‘qilsin.

Masjidlarda namoz vaqtini bildirish uchun azon o‘z vaqtida aytilsin.

Mo‘'min-musulmonlar imkon qadar kasallik tarqalishining oldini olishga o‘z hissalarini qo‘shsinlar.

Har bir musulmon ibodatlar va duolarda Alloh taolodan ushbu kasallikni daf qilishini so‘rab, ixlos bilan iltijo qilishlari lozim.

Dinimiz poklikka buyurar ekan, kasallikning oldini olish borasidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatmalarga qat'iy amal qilish har bir musulmonning vazifasidir.

Karantin davrida masjidlar va tahoratxonalarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalari asosida davriy dezinfeksiya ishlari o‘tkazilsin.

Bunday vaziyatlarda oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarning narxini oshirish, sun'iy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi o‘rtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish shar'an haromdir», degan O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov «O‘zbekiston 24» telekanali efirida.

Qayd etilishicha, ushbu fatvo virus aniqlangan musulmon mamlakatlar hamda boshqa o‘lkalardagi yirik islomiy tashkilotlar va ulamolarning ushbu masaladagi fatvo hamda xulosalarini hisobga olgan holda qabul qilingan.

«Aziz yurtdoshlar, muhtaram mo‘'min-musulmonlar. Bu holat vaqtinchalik bo‘lib, epidemiologik holat barqarorlashganidan so‘ng jamoat bo‘lib ibodatlarni davom ettiramiz, inshaalloh», degan muftiy.

  • 15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalinishning ilk holati qayd etildi. Ayni vaqtda virus yuqtirgan o‘zbekistonliklar soni 6 nafarni tashkil qilmoqda.
  • 15 mart kuni bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida hukumat mamlakatdagi barcha diniy idoralarga diniy marosimlarni o‘tkazishni vaqtincha cheklash bo‘yicha murojaat bilan chiqqani, juma namozlari to‘xtatilishi mumkinligi xabar qilingandi.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top