Dunyo bo‘ylab parvozlar bekor qilinishidan aviakompaniyalar zarar ko‘ra boshladi. Bugun ular hukumat va soliq to‘lovchilarning yordamisiz omon qolmasliklari, bu ketishda bankrot bo‘lishlarini aytishmoqda.

Avvalo Osiyo, keyin Yevropa va Amerika koronavirus epidemiyasini to‘xtatish uchun o‘z havo eshiklarini yopdi. Oqibatda aksariyat aviakompaniyalar parvozlar sonini qisqartirishga majbur bo‘ldi. Samolyotlar havoda emas, yerda, chiptalar sotilmayapti. Ammo ish haqi va qarzlar to‘lanishi kerak. Aviakompaniyalar rahbarlari fuqaro aviatsiyasi bunday iqtisodiy tanglikka dosh bera olmaydi, deyishmoqda. Ularning fikricha, yozga yetmay bankrotlik holatlari kuzatila boshlaydi.

Dunyo fuqaro aviatsiyasining yarmini nazorat qiluvchi uchta yirik alyans Oneworld, SkyTeams va Star Alliance turli hukumatlar va aeroportlarga o‘zlarini qo‘llashni so‘rab murojat bilan chiqishdi: «Vaziyat favqulodda choralarni ko‘rishni talab qiladi. Koronavirusning dunyo bo‘ylab tarqalishi ortidan kelib chiqqan holat aviatsiya uchun o‘ta xavfli ko‘rinish oldi», deyiladi Oneworld, SkyTeams va Star Alliance tomonidan e'lon qilingan qo‘shma bayonotda.

Parvozlar cheklanishi yana ikki-uch oy davom etsa, bu aviakompaniyalarga aql bovar qilmas zarar yetkazishi mumkin. Vahima ichida allaqachon bankrotlikka tayyorgarlik ko‘rishni boshlab yuborganlar ham topiladi.

«May oyi oxiriga borib dunyodagi ko‘plab aviakompaniyalar inqirozga yuz tutadi. Agar biz falokatdan qutulib qolishni istasak, tezkorlik bilan hokimiyat va aviatsiya sohasi hamkorlikda choralar qo‘llashimiz kerak», deya yozmoqda Centre for Aviation portali.

Bo‘shab qolayotgan osmon: Koronavirus aviakompaniyalarni halokatga yetaklamoqda. Birinchi «qurbon» bor

Aviakompaniyalarga qanday yordam berish mumkin?

AQSh, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Braziliya va Rossiya o‘z aviakompaniyalariga yordam berishni va'da qilgan, ammo yordam qanday ko‘rinishda bo‘lishi va qachon berilishi noma'lum. Aviakompaniyalar esa yordam masalasida o‘z takliflarini bildirib bo‘lgan. Ular hukumatlardan eng avval soliq imtiyozlari, yo‘lovchilar uchun haq to‘lash, aeroportlarda turib qolgan samolyotlar uchun ijara haqi olmaslik kabi yordamlarni so‘ramoqda.

Bo‘sh salonlar - kun voqeligi / GETTY IMAGES