Karantinning ilk kuni Termiz shahridagi aksariyat dorixonalarda tibbiyot niqobi qolmadi. Ayrim dorixonalarda har daqiqa o‘nlab mijoz faqat niqob so‘rab kelishi kuzatildi. Yana ko‘plab odamlar tibbiyot qo‘lqopi, antiseptik vositalar va spirt uchun kirishdi. Ikkinchi kunga kelibgina dorixonaga kiruvchilar soni o‘z-o‘zidan pasaydi.

So‘nggi 24 soat ichida respublikaning turli viloyatlaridan tahririyatga ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, transport xizmati narxlari oshib ketganidan shikoyatlar kela boshladi. Ayrim do‘konlarda narxlar ko‘tarilishi sababi barchaga ma'lum — karantin choralari e'lon qilinganidan so‘ng bir qator hududlarda ayrim kishilar oziq-ovqat zaxirasini g‘amlashga kirishishi ortidan narxlar ham ko‘tarildi.
Lekin Termiz shahrida niqob va tibbiyot vositalariga talab oshgani holda odamlarning oziq-ovqat zaxira qilish sarosimasi kuzatilmadi.



Shahardagi asosiy dehqon bozori — «Yashil dunyo»da bo‘lib aholi va sotuvchilar fikri bilan qiziqqanimizda narxlar oldingi holatida turgani ma'lum bo‘ldi.
Shuningdek, Termizdagi eng yirik supermarketlardan biri «Indemin» supermarketi boshqaruvchisi Bahrom To‘rayevning aytishicha, so‘nggi bir kunda guruch, shakar, kartoshka kabi mahsulotlarga talab sezilarli darajada oshgan.
Ayni kunlarda Termizdagi bozor va do‘konlarda kartoshka 3500-3700 so‘m, guruch 4500-7000 so‘m, qolipli non, 1500 so‘m, sabzi 1000 so‘m (to‘g‘ralgani 2000), shakar 4000-5000 so‘mdan sotilmoqda. Zaxira uchun «ur-yiqit» yo‘q.



Ammo transport xizmati haqda bunday deb bo‘lmaydi.





















