“Narodnoye slovo” gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, olimlar Surxondaryo viloyatida joylashgan bronza davriga oid qadimgi dehqonlar manzilgohi - Sopollitepadan topilgan ashyolarni o‘rgangan.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Antropologiya instituti mutaxassislari xalqaro tadqiqotchilar guruhi bilan hamkorlikda hududdan topilgan uchta qadimiy pilla parchasini tahlil qilgan.

Mikromorfologik va proteom tahlillari ushbu pilla qoldiqlari xonaki tut ipak qurtiga tegishli ekanini tasdiqlagan.

Radiouglerod tahlili esa topilmalar miloddan avvalgi 1940–1765-yillarga, ya’ni bundan qariyb 4 ming yil avvalgi davrga oid ekanini ko‘rsatgan.

Arxeologlar xuddi shu madaniy qatlamdan tut daraxti qoldiqlarini ham aniqlagan. Ma’lumki, tut bargi ipak qurti uchun asosiy ozuqa hisoblanadi.

Olimlarning fikricha, pilla va tut daraxti qoldiqlarining bir joydan topilishi Sopollitepa aholisi bronza davridayoq ipak yetishtirish va unga ishlov berish texnologiyalaridan xabardor bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Topilmalar Markaziy Osiyoda ipak ishlab chiqarish texnologiyasining tarqalish tarixi haqidagi mavjud qarashlarga yangi ma’lumotlar qo‘shishi mumkin.

Shu bilan birga, kashfiyot Buyuk ipak yo‘lining shakllanishi bilan bog‘liq umumqabul qilingan sanani - miloddan avvalgi II asrni o‘zgartirmaydi. Biroq u ipak mahsulotlari va ularni ishlab chiqarishga oid bilimlar almashinuvi Buyuk ipak yo‘li shakllanishidan qariyb ikki ming yil avval boshlangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Tadqiqot natijalari Science Advances ilmiy jurnalida chop etilgan.